“Евро-Футбол” muxbiri Valeriy Karapetyan JCh — 2014 final o‘yiniga o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov emas, italiyalik hakam Nikola Ritssoli tayinlangani borasida o‘zining tahliliy maqolasini e’lon qildi. Bu haqda Stadion.uz xabar beradi.
“Jahon chempionati boshlanishi oldidan MDH miqyosida yagona hakam bo‘lgan Ravshan Ermatovga omadlar tilagan edim. O‘zbekistonda hakamlarni tayyorlash Ittifoq paytida ham yuqori darajada bo‘lgan. Ittifoq tarqalib ketganidan keyin Markaziy Osiyoning mazkur davlati hakamlari soyada qolishdi. 2010-yilda esa Ravshan Ermatov haqiqiy kashfiyotga aylandi. O‘shanda Argentina terma jamoasi Ermatov boshqargan o‘yinda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrab, Mundialni tark etgan.
Shundan so‘ng, janubiy amerikaliklar unga nisbatan turli xiylalar ishlata boshladi. Ravshan JCh — 2014’da Argentina va Shveysariya o‘rtasidagi 1/8 final bahsini boshqarishi kerak edi, ammo argentinaliklar veto huquqidan foydalandi.
Agar bunday huquq 1990-yilgi JChda Ittifoq terma jamoasida bo‘lganida edi, shvetsiyalik hakamni inkor qilgan bo‘lishardi. Afsuski, aynan Argentina tufayli Ermatov ikkinchi mundialda finalni boshqarish huquqidan mahrum bo‘lmoqda. Argentinaliklar o‘yinni Ermatov boshqarmasligi evaziga, yevropalik hakamga ham rozi bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik hakamning yoshi yana ikkita mundialda ishtirok etishga imkoniyat beradi. 2018-yili “Lujniki”da bo‘lib o‘tadigan JCh’ning hal qiluvchi bahsini aynan Ravshan-aka boshqarishini istardim.
Argentinaga esa o‘zining muvaffaqiyatsizligi uchun aybni serquyosh o‘lka vakiliga ag‘darishni bas qilishni va sharmanda bo‘lmaslikni tilab qolaman. Bu kuningdan o‘lganing yaxshi, Argentina! Undan ko‘ra 1986 va 1990-yilgi JCh finaliga qay tariqa yetib borganingni esla. Hozirgi o‘yin orqali Argentina g‘oliblikka munosib emas. Himoyaviy o‘yin va Messining mo‘jizasi ham Germaniyaga qarshi o‘yinda g‘alaba keltirmasa kerak. Boisi, Argentinaning markazidagi o‘yini juda sust va nursiz. Finalda esa haqiqatan ham kuchli jamoa g‘alaba qozonishi kerak. Afsuski, Argentina, lekin bu - sen emassan”.
Izoh (0)