Rossiya prezidenti Vladimir Putin Lotin Amerikasidagi rasmiy tashrifini Kubadan boshlab, u bilan bir qator shartnoma imzoladi. Bu haqda Interfax.ru xabar berdi.
Xususan, Vladimir Putin “Rossiya Federatsiyasi hukumati bilan Kuba Respublikasi hukumati o‘rtasida Kuba Respublikasining SSSR vaqtida olgan kreditlari tufayli Rossiya Federatsiyasidan qarzdorligini tartibga solish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish” federal qonunini imzoladi.
Mazkur qonun Duma tomonidan 2014-yil 4-iyul kuni qabul qilinib, 9-iyulda Federatsiya kengashi tomonidan ma’qullangan edi.
Kubaning qarzdorligi borasidagi muzokaralar 20 yil davom etib, 2013-yil 25-avgustda bitimga imzo chekilgan. Bu vaqtda qarzdorlik 35,2 milliard dollarga teng edi.
Imzolangan qonunga ko‘ra, Rossiya Kubaning 90 foiz (31,7 milliard dollar) qarzidan voz kechdi, qolgan 10 foiz (3,5 milliard dollar) Kuba tomonidan 10 yil ichida har yarim yilda to‘lanishi belgilab berildi.
Izoh (0)