AQShning Pensilvaniya shtati hukumati xato tufayli harbiy komissariatga 1893—1897-yillarda tug‘ilgan 14 ming kishi uchun chaqiruv qog‘ozi jo‘natdi. Amerika OAVlarida aytilishicha, yuborilgan qog‘ozlarda harbiy ro‘yxatda turmagan kishilar jarima va hatto qamoq jazosiga mahkum etilishi ta’kidlangan. Bu haqda “ITAR-TASS”ga tayanib, “Noviy vek” xabar berdi.
73 yoshli Chak Xyui harbiy ro‘yxat tuzish xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, nima uchun 1995-yil 100 yoshida vafot etgan bobosi — Birinchi jahon urushi faxriysi nomiga chaqiriqnoma kelgani bilan qiziqqan. Shu kabi taajjubga boy qo‘ng‘iroqlar bilan murojaat qilinavergach, xatolik xodimlar tomonidan to‘g‘rilandi.
Aniqlanishicha, xatolik harbiy ro‘yxat tuzish xizmatiga yordam beruvchi Pensilvaniya transport boshqarmasining aybi bilan sodir bo‘lgan. Boshqarma xodimi kompyuterga “1993—1997” raqamlari o‘rniga “93—97” raqamlarini kiritgan. Natijada ekranda nafaqat XX asr oxiri, balki XIX asr oxirida ham tug‘ilgan shaxslarning ismi paydo bo‘lgan.
Harbiy ro‘yxat tuzuvchi xodimlar “xizmatga chaqirilganlar”ning qarindoshlaridan uzr so‘rab, chaqiriqnomalarga e’tibor bermasliklarini iltimos qildi.
Harbiy xizmatga chaqirilganlarning eng yoshi bu yil 117 ga kirgan bo‘lardi, deyiladi nashrda.
Ma’lumot uchun, AQShda 18—25 yoshdagi fuqarolar harbiy ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ro‘yxatga kiritilmaganlar 250 ming dollar miqdoridagi jarima va besh yilgacha qamoq jazosiga mahkum etiladi.
Izoh (0)