Apple asoschilaridan biri – Stiv Voznyakning Xconomy nashriga bergan intervyusidan ma’lum bo‘lishicha, u sotuvdagi yangi smart-soatlarning xaridorlarni o‘ziga jalb qilishiga shubha bilan qaramoqda. Bu haqda Mail.ru xabar berdi.
Yuqori texnologiyali gadjetlaridan muntazam foydalanadigan Voznyak Samsung Galaxy Gear haqida fikr yuritib, bu uning “yarim kungina foydalanib, tashlab yuborishni istagan birinchi gadjet”i ekanligini aytdi. Stiv Voznyak ushbu qurilmani noqulay va befoyda deb baholab, xarid qilgan kunining o‘zidayoq eBay orqali sotib yubordi.
Smart-soatlarda Voznyakka qurilmaning displeyi juda kichikligi hamda smartfonga bog‘lab ishlatilishi ma’qul kelmagan. U bu kamchilikni bilak bo‘yicha aylanuvchi egiluvchan displey yaratish orqali yo‘qotish taklifini bildirdi. “Biroq soatlarning smartfon bilan ishlatilishi muammosini hozircha hal qilib bo‘lmaydi”, — deydi Apple asoschisi.
Izoh (0)