Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari, Quva, Beshariq tumanlarida yangi bozorlar barpo etilmoqda, deya xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Prezidentining 2011-yil 15-noyabrda qabul qilingan “Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015-yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Farg‘ona “Markaziy dehqon bozori” hududi kengaytirilib, yangi savdo rastalari, pavilyonlar, avtoulovlar to‘xtash joyi va boshqa xizmat ko‘rsatish majmualari qurilib, yopiq meva pavilyonida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
– 336 savdo o‘rniga ega majmuada 40 xususiy savdo do‘koni, Milliy bankning maxsus kassasi mavjud, – deydi Farg‘ona shahar “Markaziy dehqon bozori” ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Yorqinjon Nishonov. – Bozor va savdo majmualari atrofini ta’mirlash ishlariga 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Ayni kunlarda yurtimizda pishiqchilik. Shuning uchun sifatsiz, qalbaki mahsulotlar sotilishining oldini olish, hududda sarishtalik, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilinishi doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Izoh (0)