O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 18-iyun kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Oliy martabali mehmon qadim shaharning muazzam tarixiy obidalari bilan tanishuvni Mirzo Ulug‘bek rasadxonasidan boshladi. Pak Kin Xega mashhur olim va davlat arbobi hayoti haqida ilmiy faoliyati haqida so‘zlab berildi.
– Rasadxonaga kirishim bilan Mirzo Ulug‘bekning qanchalar buyuk daho va ulkan iqtidor egasi bo‘lganini his etdim, – dedi Koreya Respublikasi Prezidenti.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari “Afrosiyob” muzeyida bo‘ldi. Devoriy suratlardan birida Afrosiyob (qadimgi Samarqand) hukmdorining turli mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi aks etgan. Ular orasida Choson (Koreya) elchisining ham borligi xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ildizi bir necha asrlarga borib taqalishidan dalolat beradi.
“Afrosiyob” muzeyi hududida tashkil etilgan “Buyuk ipak yo‘lidan” deb nomlangan bog‘ ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin do‘stlikning yana bir namunasidir. Bu yerda jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston va Janubiy Koreya do‘stligi hamda hamkorligi ramzi sifatida yodgorlik o‘rnatilgan.
Koreya Respublikasi Prezidenti Registon majmuini diqqat va hayajon bilan tomosha qildi. Prezident Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimiz boy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan betimsol ishlarga yuksak baho berdi.
Pak Kin Xe Registon majmuida milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi, Samarqand gilamlarining to‘qilish jarayoni bilan qiziqdi.
Janubiy Koreya rahbari Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, Sohibqironning so‘nmas xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi samarali bo‘ldi. Tashrif asnosida davlatlararo, vazirlik va idoralar darajasida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shu bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekiston Respublikasiga ilk davlat tashrifi yakuniga yetdi. Janubiy Koreya rahbari O‘zbekistonga tashrifi juda samarali va foydali bo‘lganini ta’kidlab, samimiy qabul uchun Prezident Islom Karimovga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)