“Katta yettilik” tarkibida bo‘lmasa-da, Putin ahamiyatli media-persona bo‘lib qolmoqda: Sochida fransuz jurnalistlari bilan uyushtirilgan matbuot anjumanida Putin Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
“Agar ularda isbot bo‘lsa, ko‘rsatishsin, — dedi Putin. — Gapirish boshqa, dalilga ega bo‘lish boshqa”.
Ukrainadagi murakkab vaziyat yuzasidan ko‘pchilik ikki mamlakat yetakchilarining kelishuviga umid qilmoqda. Ularning har ikkalasi nizolarga barham berish yo‘llarini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. Putinning fikricha, Ukrainaning yangi saylangan prezidenti hammasini yangidan boshlash imkoniga ega.
“Poroshenkoning qo‘li hali qon bo‘lgani yo‘q, u jazo operatsiyasini to‘xtatib, o‘z mamlakati sharqi va janubidagi fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishi mumkin”, — deya ta’kidladi Vladimir Putin.