O‘zbekiston Konstitutsiyasining 21 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya akti 69 497 nafar shaxsga nisbatan tatbiq etildi. Bu haqda 30-may kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hay’atining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Majlisda joriy yilning 1-apreliga qadar amnistiya akti tatbiq etilganlarning 43 082 nafari jinoiy javobgarlik va jazodan, shu jumladan, 3237 nafari ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash joylaridan va tergov hibsxonalaridan ozod etilganligi ta’kidlandi.
“Kun” nashrining qayd etishicha, majlisda amnistiya aktini tatbiq etish yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqid ostiga olinib, bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning tushuntirish va izohlari eshitilgan.
Viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, tegishli tarmoq rahbarlari, shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i zimmasiga amnistiya qarorlari qonunlar ijrosi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlashda mas’uliyatni yanada oshirish yuzasidan qat’iy vazifalar yuklatilgan.
Izoh (0)