Moskvaning “Lokomotiv” klubida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov, klub rasmiy sayti orqali o‘tkazilgan muxlislar so‘rovida mavsumning eng yaxshi futbolchilari orasida 3-o‘rinda qayd etildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi sayti xabar berdi.
O‘tkazilgan so‘rov yakunlariga ko‘ra, Denisov umumiy 12,3% ovoz to‘plab, Aleksandr Samedov (32,1%) va Vedran Chorluka (21,2%)dan keyin uchinchi o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joiz, mavsum yakuniga ko‘ra, Rossiya Premyer Ligasi bahslarida bronza medallarni qo‘lga kiritgan Moskva “temiryo‘lchilari” safida ishonchli o‘yin namoyish etgan Denisov, hozirga qadar ikki marotaba oyning eng yaxshi futbolchisi so‘rovida birinchi o‘rinni egallagan edi. Denisov, shuningdek, Rossiya Premyer Ligasida to‘p surayotgan himoyachilar orasida gol+pas tizimida eng yaxshi natija ko‘rsatgan – (1+6).