Toshkentda shaxmat bo‘yicha birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan Tashkent Open VIII xalqaro turniri yakunlandi, deb xabar berdi O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada AQSh, Ispaniya, Rossiya, Belarus, Gruziya, Armaniston, Ukraina, Hindiston, Iroq, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston kabi mamlakatlardan 100 nafardan ziyod shaxmatchi g‘oliblik uchun bahslashdi.
Shveysarcha usulda to‘qqiz turdan iborat musobaqada 7,5 ochko jamg‘argan hindistonlik Abhijit Gupta birinchi o‘rinni egalladi.
– Turnir yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlamoqchiman, – deydi Abhijit Gupta. – Musobaqa davomida o‘zbek shaxmatchilari, ayniqsa, yosh iste’dod egalarining o‘yini menda katta taassurot qoldirdi. Bu O‘zbekistonda barcha sport turlari qatori shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotganidan dalolatdir.
To‘qqiz imkoniyatdan yettitadan ochko jamg‘argan ukrainalik Yuriy Kuzubov, gruziyalik Mixail Mchedlishvili, rossiyalik Pavel Smirnov, armanistonlik Arman Pashikyan kuchli beshlikdan joy oldi.
Tashkent Open VIII xalqaro turniri iste’dodli shaxmatchilarimiz uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘tadi. Turnirda kuchli o‘yin ko‘rsatgan Sarvinoz Qurbonboyeva, Nafisa Mo‘minova va Bahora Abdusattorova qizlar o‘rtasida eng yuqori natijani qayd etgan bo‘lsa, o‘smirlar o‘rtasida eng ko‘p ochko jamg‘argan Bobur Sattorov, Odil Rahmon va Nodirbek Yoqubboyev ham shaxmat mutaxassislari va muxlislarining e’tiborini qozondi.
Izoh (0)