Ko‘ksaroy qarorgohida 7-mart kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda nutq so‘zlagan Davlat rahbari qizlarga ta’lim berish orqali jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksalishini aytib o‘tdi.
“Bir qizni o‘qitsak, butun oilaga ta’lim bergan bo‘lamiz. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi.
Yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.

Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ularning orasida xalqaro darajada e’tirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undaydi.
Masalan, taniqli mikrobiolog olimamiz Dilfuza Egamberdiyeva sho‘rlangan tuproqda serhosil ekinlar yetishtirish bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun YUNЕSKOning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq albatta baxtli bo‘ladi.
Shu bois, har bir oiladagi qizlarimiz bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Xususan, bu yil 250 ming nafar qizimiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017-yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Natijada har bir mahalladan 25-30 nafar xotin-qiz oliygohlarda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.
Buning uchun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova har bir maktabda yuqori sinfda ta’lim olayotgan qizlarimiz bilan ishlashni individual yondashuv asosida tashkil etib, ularni oliygohlarga tayyorlaydi.
Bu yil sharoiti og‘ir oilalardagi iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha “Yorqin kelajak” loyihasini boshlayapmiz. Ushbu loyiha doirasida kamida 200 nafar qizimiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov tizimi esa yana 250 ming nafar xotin-qizni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun mas’ul bo‘ladi”, dedi prezident.
Izoh (0)