Har bir “Oskar” marosimidan so‘ng, u yoki bu film haykalchani qo‘lga kiritdimi, degan bahslar bo‘lishi muqarrar. Biz hech kimning g‘alabasini inkor etmaymiz, balki o‘z vaqtida nomzod bo‘lgan, ammo g‘olib bo‘la olmagan multfilmlar haqida so‘z yuritamiz.
“Yovvoyi robot” (2024)
2025-yilda g‘oliblikka asosiy nomzod va yilning eng yorqin animatsion hiti. Hikoya asosida Piter Braunning shu nomdagi romani yotadi. Rejissyorlik vazifasini “Lilo va Stich” hamda “Ajdarni qanday qo‘lga o‘rgatish mumkin?” multfilmlarini yaratgan Kris Sanders bajargan. Bosh qahramonlardan biriga Pedro Paskal ovoz bergan. Multfilm “Po‘lat gigant” va “Vall-I” an’analarini davom ettiradi va tabiat bilan texnika to‘qnashuvi mavzusini ko‘taradi.
Robot Roz — inson hayotini yengillashtirish uchun yaratilgan universal yordamchi. Okean orqali tashish paytida robot yordamchilar ortilgan yuk kemasi bo‘ronga duch keladi. Roz solingan quti kemadan tushib ketib, hayvonlar yashaydigan kimsasiz orolga borib qoladi. Roz mahalliy hayvonlarni cho‘chitadi, shu bois ular unga dushmanlik bilan munosabatda bo‘lishadi. Kutilmagan hodisa tufayli Roz g‘oz tuxumini qutqarib qoladi va undan jo‘ja ochib chiqadi. Jo‘ja uni onasi deb biladi va endi Rozning vazifasi unga g‘amxo‘rlik qilish bo‘lib qoladi.
“Persepolis” (2007)
Fransuz multfilmi “Persepolis” yozuvchi Marjan Satrapining shu nomdagi grafik romaniga asoslangan. Eronlik ildizlarga ega Marjanning romani avtobiografik xususiyatga ega. 2008-yilda “Oskar” nominatsiyasidan tashqari, “Persepolis” Kann kinofestivalining “Hakamlar hay’ati mukofoti”ga sazovor bo‘ldi. “Oskar” musobaqasida uni “Ratatuy” multfilmi ortda qoldirdi.
Multfilm Marji ismli yosh ayolning bolalik va o‘smirlik davri haqida hikoya qiladi. Hozir Marja Fransiyada istiqomat qilsa-da, u Tehronda tug‘ilib o‘sgan. Marja sakkiz yoshligida shahar norozilik namoyishlari bilan larzaga kelgan edi. Erkinparvar va jasur Marja ularda ishtirok etayotgan ota-onasiga qarab, inqilobchi bo‘lishni orzu qilardi. Rejim o‘zgargach, Tehronda yashash mushkullashdi: hokimiyatga islomiy mutaassiblar keldi, taqiqlar kuchaydi. Marjining oilasi qiyinchiliklarga duch keldi, ammo qizning o‘zi ulg‘ayib borar ekan, norozilik ruhini saqlab qoldi. Bu esa ko‘pincha haqiqiy muammolarga sabab bo‘lardi.
“Dengiz qo‘shig‘i” (2014)
Ben ismli bola oddiy dengizchi otasi va go‘zal suvpari onasi bilan mayoqli kichik orolda yashaydi. Har oqshom onasi unga ertaklar aytib beradi va tez orada Benning singlisi tug‘ilishini, u esa unga g‘amxo‘rlik qilishi kerakligi haqida gapiradi. Ben singlisini sabrsizlik bilan kutmoqda. Ammo bir kuni tunda onasi uydan chiqib ketadi — u suvda qizaloq tug‘adi va butun umrga suzib ketadi. Chaqaloqqa Sirsha deb ism qo‘yishadi, lekin Ben unga nisbatan iliq tuyg‘ular his qilmaydi. U onasining ketib qolishida singlisini ayblaydi. Bundan tashqari, otasi uni ko‘proq yaxshi ko‘rayotgandek tuyuladi. Sirsha esa akasiga chin dildan bog‘langan. U yetti yoshga to‘lganida u ham onasi singari suvpari ekanligi ma’lum bo‘ladi. Vahimaga tushgan ota ikkala bolani shaharga jo‘natadi va Ben qanday bo‘lmasin, orqaga qaytishga qat’iy ahd qiladi.
“Dengiz qo‘shig‘i” — Tomm Murning eng sara multfilmi bo‘lib, uning asosini irland mifologiyasi tashkil etadi. Bu bolalikda yaqin insonning o‘limini qanday boshdan kechirish haqidagi ta’sirli hikoya. Afsuski, 2015-yilda multfilm “Oskar” mukofotini qo‘lga kirita olmay, “Qahramonlar shahri”ga mag‘lub bo‘ldi. 2021-yilda Tomm Mur “Bo‘rilar afsonasi” filmi bilan yana nomzodlar ro‘yxatiga kirdi, biroq u o‘sha yilning shak-shubhasiz favoriti — “Qalb” multfilmini ortda qoldira olmadi.
“Marni haqida xotiralar” (2014)
2016-yilgi “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan, ammo Pixar’ning “Boshqotirma” multfilmi oldida mag‘lub bo‘lgan asar. “Marni haqida xotiralar” — britaniyalik yozuvchi Joan Robinsonning “Marni bu yerda bo‘lganida” romani asosida yaratilgan multfilm. Filnmning rejissyori — Hayao Miyazakining shogirdi Hiromasa Yonebayashi. U, shuningdek, “Liliputlar mamlakatidan Arietti” va “Meri va jodugar gul” animelari bilan mashhur.
Bosh qahramonning ismi Anna. U ichki dunyosiga berilgan, odamovi, ba’zida esa hatto qo‘pol: biror narsa yoqmasa, buni to‘g‘ridan to‘g‘ri aytadi. Annaning sog‘lig‘ida muammolar bor, shu sababli ota-onasi uni dengiz bo‘yidagi kichik shaharchada yashovchi qarindoshlarining oldiga yuboradi. Shaharchaning qirg‘og‘ida eski, tashlandiq qasr bor, u Annaning e’tiborini tortadi. Bu qasr unga tanishdek tuyuladi, bir kuni kechqurun esa u qasr derazalaridan chiroq yorug‘ini ko‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, u yerda Marni ismli qiz yashaydi va Anna u bilan darhol til topishib ketadi. Ular do‘stlashib qolishadi, lekin Anna Marniga maftun bo‘lishiga qaramay, uning ba’zida g‘alati xatti-harakatlarini inkor eta olmaydi. Marning o‘tmishi esa sir-asrorga to‘la.
“Klaus” (2019)
Yangi yil bayrami arafasida qayta tomosha qilish ayniqsa yoqimli bo‘lgan qishki multfilmlardan biri. “Klaus” tomoshabinlarga Santa Klausning kelib chiqishi haqidagi versiyalardan birini taqdim etadi. Chiqarilgan yili multfilm animatsiya olamida toza havo bo‘lib, tomoshabinlarni ta’sirchan syujet va yorqin tasvirlar bilan hayratga soldi. Ammo, afsuski, u “Oskar”ni qo‘lga kirita olmadi — o‘sha yili “O‘yinchoqlar tarixi” birinchi o‘rinni egallagan edi.
Bosh qahramon Jasper — pochta biznesi egasining erkatoy o‘g‘li. Otasi bir kun kelib uni oilaviy ishga jalb qilishdan umidvor, ammo Jasper o‘qishni istamaydi — u hech narsa qilmaslikni va vaqtni bekor o‘tkazishni orzu qiladi. Bunday xatti-harakatlarga chiday olmagan otasi uni ovloq Smirensburg shahriga jo‘natadi va 6000 ta xat jo‘natgandan so‘ng Jasperning qaytib kelishiga ruxsat berish shartini qo‘yadi. Ammo Smirensburgda hech kim pochta bo‘limidan foydalanmaydi va asrlar davomida aholi o‘rtasida dushmanlik mavjud. Jasper yog‘och o‘yinchoqlar yasaydigan Klaus ismli o‘rmonchi bilan tanishib, qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini topadi.
Izoh (0)