Qashqadaryoda “svet”dan qarzi bo‘lgan fuqaroning Captiva’si xatlandi, deb xabar bermoqda MIB axborot xizmati “Daryo”ga.
Ma’lum qilinishicha, Kasbi tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 6-iyundagi ijro varaqasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ foydasiga javobgar “Munavvar bonu” fermer xo‘jaligidan 30 million so‘m elektr energiyasi qarzdorligini undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati byuroning Qarshi tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Fermer xo‘jalik mas’ullari ogohlantirilgan, qarzdorlikning huquqiy oqibatlari tushuntirilgan. Biroz muddat berishni, qarzni albatta to‘lashini bildirgan qarzdorlar oradan ancha vaqt o‘tsa ham to‘lovlarni amalga oshirmagan. Shu sababli, davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilib, qarzdorga tegishli Captiva xatlangan.
Kelgusida qarzdorlik bartaraf etilmasa, mazkur avtotransport vositasi onlayn-auksion savdolari orqali sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari qarzdorlikka yo‘naltiriladi.
Izoh (0)