Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 4-avgust kuni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Avazada bo‘lib o‘tadigan konferensiyada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishiga va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Avaza siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturining qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, prezident Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi va qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.
Shavkat Mirziyoyev so‘nggi marta Turkmanistonga amaliy tashrif bilan 2024-yil oktyabr oyida borgandi. Unda O‘zbekiston yetakchisi turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi — tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagandi.
Izoh (0)