O‘zbekistonda “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun 2025-yil 1-fevralga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar hisobiga respublikaning barcha hududlarida parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha aholi bandligini ta’minlash maqsadida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklari balansidagi xo‘jaliklarni salohiyatli yirik korxonalarga biriktirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari o‘rtasida kooperatsiya tizimini tashkil etish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga amalga oshiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda “Mikrokreditbank” ATB kredit mablag‘lari hisobiga kooperatsiya tizimi asosida parrandachilik loyihalarini amalga oshirish tashabbusini ko‘rsatgan xonadonlar ro‘yxatini shakllantirishi lozim.
Qaror bilan 2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvargacha chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan davlat byudjetiga to‘langan QQSning 50 foizini har oyning 25-sanasigacha qaytarish tartibi joriy etiladi. Bunda ushbu tartib ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti hamda tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlatni) realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil etadigan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan tadbiq etiladi.
2028-yil 1-yanvarga qadar parranchalik-naslchilik korxonalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xo‘jaliklarga jo‘jalarni yetkazib berishda foydalaniladigan motorli transport vositalari import bojxona boji 5 foiz hamda dvigatelning har bir kub santimetri uchun 1,2 AQSH etib belgilandi.
Naslchilik korxonalari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizdan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlani 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘lash shaklidagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.
Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishganida soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilangandi. Parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinishi, parranda go‘shti eksportiga ruxsat berilishi, tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytirilishi ma’lum qilingandi.
Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishida viloyatdagi 4 ta parrandachilik korxonasi faoliyatini tiklab, ehtiyojmand oilalardagi 650 nafar odamni ishga olish imkoniyati aniqlanganini aytgandi.
O‘zbekistonda 2024-yil 1-iyuldan parranda go‘shtini eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilindi.
Izoh (1)
Biz kutgandik qanday qilib olsak boʻladi. Tovuq uchun kredit