Uzbekistan Airways aviakompaniyasining samolyotlari 20-yanvardan boshlab Yevropa mamlakatlariga parvoz yo‘nalishida Rossiya ustidan o‘tmayapti. Bu haqda “Daryo” manbasi kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulovga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bu qaror Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligining Rossiyaning Yevropa hududi ustidagi parvozlarning xavfsiz emasligi to‘g‘risidagi hisobotidan so‘ng qabul qilingan. Endi Uzbekistan Airways yo‘nalishlari pastdan, aniqrog‘i, Ozarbayjon va Turkiya orqali amalga oshirilmoqda.
“Tabiiyki, bu reysni bir tomonga 30−40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak”, deydi Shuhrat Xudoyqulov.
Uning aytishicha, aviakompaniyaning parvozlarni boshqarish markazi doimiy ravishda havo bo‘shlig‘idagi vaziyatni tahlil qilmoqda.
“Aytish mumkinki, har soniyada tahlil o‘tkazilmoqda. Agar vaziyat xavfli deb baholansa — bizning reyslarimizda o‘rtacha 200 nafar yo‘lovchi bor va biz har biri uchun javobgarmiz — yo‘nalishni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, bu haqda dispetcherlar darhol uchuvchilarga ko‘rsatma beradi”, deb taʼkidlagan Xudoyqulov.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston hududida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatidan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri rahbarligida komissiya tuzilgan va shoshilinch muhokama o‘tkazilgan.
Yo‘nalishlar ular amalga oshirilishidan ancha oldin ishlab chiqiladi va kelishib olinadi, qarorlarni aviakompaniyaning o‘zi emas, balki mamlakatning aviatsiya maʼmurlari qabul qiladi.
“Biz bunga jiddiy eʼtibor qaratmoqdamiz. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining barcha hududlarga barcha reyslari maksimal xavfsizlikni taʼminlash sharti bilan amalga oshirilmoqda”, deya qo‘shimcha qiladi Shuhrat Xudoyqulov.
Samolyotlar bilan bog‘liq hodisalar
25-dekabr kuni Boku—Grozniy marshruti bo‘yicha uchgan samolyot Qozog‘istonning Oqtov shahrida qulagan, oqibatda 38 nafar odam halok bo‘lgandi.
28-dekabr kuni Kanadaning Galifaks aeroportida samolyot qo‘nish chog‘ida yonib ketgani xabar qilingan. Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot shassisining g‘ildiraklaridan biri ishlamay qolgan. Galifaks aeroporti samolyot bortidagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari evakuatsiya qilinganini xabar berdi.
29-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarida Jazirah Aviation Club aviakompaniyasiga tegishli yengil motorli samolyot dengizga qulab tushdi. Ma’lum qilinishicha, aviahalokat oqibatida uchuvchi va hamrohi halok bo‘lgan.
4-yanvar kuni Airbus A321 yo‘lovchi samolyoti Misrning Sharm-ash-Shayx shahridagi aeroportga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan edi.
Izoh (0)