Bugun, 7-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ma’lum qilishicha, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri yuritiladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Alisher Karimovning ta’kidlashicha, reyestrga xabar berilgan, aniqlangan hamda tartibga solingan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritib boriladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar bermaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan (1 million 20 ming so‘m) besh baravarigacha (1 million 700 ming so‘m) miqdorda jarima belgilandi.
Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa, besh baravaridan (1 million 700 ming so‘m) o‘n baravarigacha (3 million 400 ming so‘m) miqdorda jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan (1 million 700 ming so‘m) o‘n baravarigacha (3 million 400 ming so‘m) miqdorda jarima belgilandi.
Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa, o‘n baravaridan (3 million 400 ming so‘m) o‘n besh baravarigacha miqdorda (5 million 100 ming so‘m) jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi, — dedi adliya vaziri o‘rinbosari.
Qo‘shimcha qilinishicha, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish bilan bog‘liq vazifalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi hamda bitim bo‘yicha barcha olingan foyda davlat daromadiga o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, 2022—2023-yillarda davlat xaridlari bo‘yicha 4,5 mingta 573 milliard so‘mlik shartnomalar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Izoh (0)