Shri-Lankada avtobus jarlikka qulashi oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.

Hodisa 11-may kuni mamlakatning markaziy qismida, Nuvara Eliya va Gampola o‘rtasidagi avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Avtobus Kataragamadagi ziyoratgohdan 75 nafar yo‘lovchini olib qaytayotgan edi. Yo‘lovchilar Kurunegala shahriga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Avtobus burilishdan o‘tayotganda taxminan 100 metr balandlikdagi qoyadan qulab tushgan. Hodisa oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Politsiya hodisa tafsilotlarini tekshirmoqda, qurbonlarning shaxsi aniqlanmoqda. Tirik qolganlardan biri mahalliy jurnalistga avtobusning old qismida bo‘lganini va faqat yengil jarohatlar olganini aytgan.
9-may kuni Shri Lankada harbiy vertolyot halokatga uchrashi oqibatida olti nafar harbiy halok bo‘lgandi. Bell 212 rusumli vertolyot orolning markaziy qismida joylashgan Maduru Oya suv omboriga qulab tushgan. Vertolyot bortida o‘nga yaqin harbiy xizmatchi bo‘lgan. Vertolyotga jangovar harakatlar tugagani munosabati bilan o‘tkaziladigan paradga tayyorgarlik doirasida mashg‘ulot bajarish topshirilgandi.
Izoh (0)