O‘zbekistonda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi. Bu haqda “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirililadi.
Yagona texnikumlarda kadrlar tayyorlash Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va O‘zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi. Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan o‘quvchilar uchun — davlat granti asosida amalga oshiriladi. O‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash esa davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
O‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilariga o‘zlashtirgan modullari, to‘plagan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat etiladi.
Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni kasbiy taʼlimni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Taqdimotda texnikumlarda taʼlim sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida xalqaro taʼlim dasturlari yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Milliy malaka tizimini isloh qilish masalalari ham ko‘rib chiqilgandi.
Izoh (0)