Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijondagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon mamlakatda aholi eng zich joylashgan hudud. O‘zbekistonning 10 foiz aholisi 1 foiz yerida yashaydi. Shu bois davlat rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda yangi shahar qurilishi boshlangan edi. Bu galgi tashrifda prezident loyihaning ilk natijalarini ko‘rdi.

Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan.

Davlat rahbari hudud bo‘ylab yurib, yangi majmualarni ko‘zdan kechirdi.
Tayyor xonadonlarning ko‘pchiligiga oilalar ko‘chib kelib, yashamoqda. O‘yin maydonchalaridagi bolakaylarning shodliklari ko‘ngillarga quvonch, halovat bag‘ishlaydi. Bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilib, bu yil mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.

Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan taʼminlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi to‘rt ming metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.
19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ Yangi Andijonning ko‘rki bo‘ladi.

Bu yerdagi “Vatanparvar bog‘i” katta ramziy maʼnoga ega. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldiradi.
Loyiha ko‘lami keng. Hududning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy qad rostlaydi. Shuningdek, ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 ming 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘ladi.

Shu yerda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i taʼmirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Davlat rahbari yangi bog‘da hunarmandchilik, badiiy va amaliy sanʼat ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Izoh (0)