Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri, viloyati va Samarqandning ikki tumanida pora olgan mansabdorlar ushlandi.

DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, poytaxtdagi tumanlardan birining maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fanidan saboq beruvchi o‘qituvchini mazkur tumandagi maktablardan biriga direktor lavozimiga tayinlash evaziga o‘z xizmat xonasida 3 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, “Yangiyo‘l” TIF bojxona posti inspektori xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda, Qozog‘istondan bug‘doy olib kelib, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi MCHJ tomonidan qo‘shni davlatdan temiryo‘l orqali olib kirilayotgan bug‘doy mahsulotlari ortilgan vagonlarni bojxona ko‘rigi hamda rasmiylashtiruvidan muammosiz o‘tkazib berish evaziga uchinchi shaxs orqali 2700 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Samarqand viloyati Jomboy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaroga yashash xonadonida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ochishi uchun uning turar joyi yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish va kelgusida rahnamolik qilish evaziga ta’magirlik yo‘li bilan 200 dollar olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga tumanda kar’yer faoliyatini amalga oshirishi uchun ekologik xulosa berish, Qarnab qishlog‘idagi “Nakvoysoy” hududidan tosh-shag‘al qazib olishiga ruxsat berish hamda kelgusida MCHJ faoliyatiga rahnamolik qilish uchun 2 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
21-aprel kuni Jizzaxda gaz ta’minoti bo‘limi xodimi firibagrlikda ayblanib, ushlangani xabar qilingandi. U 10 mln so‘m evaziga yangi gaz hisoblagich o‘rnatib, qarzdorligini yo‘q qilib berishini va’da qilgan. 16-aprel kuni Toshkentda uch kishini Qashqadaryoga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxs ushlangani ma’lum qilindi.
Surxondaryoda sudyaga 1000 dollar pora taklif qilgan advokat ushlandi. Andijon, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi advokatlik byurosida firibgarlik qilganlar ham fosh etilgandi. Xususan, Andijonda advokat stajyori va sherigi 34 ming dollarni noqonuniy olayotganida qo‘lga tushgan.
O‘zbekistonda 2024-yilda jami 6898 nafar shaxs tomonidan 5716 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilgan.
Izoh (0)