Yangi Zelandiyaning Oklend universiteti va Xitoyning Syamen universiteti olimlaridan iborat xalqaro guruh elektromobillarning haqiqiy ekologik ta’siri haqida kutilmagan xulosalarni taqdim etdi. Tadqiqot natijalari Science Daily ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqot 15 yil mobaynida 26 mamlakatdan olingan ma’lumotlarni qamrab olgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, agar elektr tarmog‘i asosan qazilma yoqilg‘i — ko‘mir, neft yoki gaz bilan ishlasa, elektromobillarni quvvatlash benzinli avtomobillardan foydalanishga qaraganda iqlimga ko‘proq zarar yetkazishi mumkin ekan. Ya’ni elektromobillarni joriy etish iqlimning antropogen o‘zgarishining asosiy omili hisoblangan karbonat angidrid gazining global chiqindilarini kamaytirmaydi.
Asosiy xulosa shuki, elektromobillar faqat mamlakatdagi elektr energiyasining deyarli yarmi toza manbalardan — shamol, quyosh yoki gidroenergetikadan olingandagina chiqindilarni sezilarli darajada kamaytira boshlaydi. Bugungi kunda jahon ko‘rsatkichi taxminan 30 foizni tashkil etadi.
Yuqori darajada chiqindilarga ega va ifloslangan mamlakatlarda elektromobillar savdosining o‘sishi, aksincha, umumiy karbon izini oshiradi. Batareyalar ishlab chiqarish va ko‘mir yoki gazdan olingan elektr energiyasi orqali quvvat olish jamlanma ta’sir ko‘rsatib, iqlimga bo‘lgan ijobiy ta’sirni yo‘qqa chiqaradi.
“Bizning tahlilimiz shuni ko‘rsatadiki, elektromobillarning ekologik afzalliklari to‘liq mamlakatning elektr energiyasi ishlab chiqarish tuzilmasiga bog‘liq. Elektromobillar universal yechim emas. Bir vaqtning o‘zida qayta tiklanadigan energiyaga o‘tmasdan, ularning ekologik foydasi cheklangan bo‘ladi”, deb tushuntirmoqda tadqiqot hammuallifi Stiven Poletti.
Bu hali hammasi emas, ijobiy yangiliklar ham bor. Toza yashil energiya ulushi yuqori bo‘lgan joylarda, masalan, Yangi Zelandiyada (80% dan ortiq) elektromobillar haqiqatan ham vaziyatni yaxshilaydi. Biroq global miqyosda energetika infratuzilmasi hozircha akkumulyatorli avtomobillar sonining o‘sish sur’atlariga yetib ololmayapti: 2022-yilda dunyo bo‘ylab 10 milliondan ortiq shunday mashina sotilgan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, transportni haqiqatan ham barqaror qilish uchun nafaqat elektromobillar sotib olishni rag‘batlantirish, balki energetika islohotini tezlashtirish – “yashil” energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va saqlashni rivojlantirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va aqlli shaharsozlikka o‘tish zarur. Aks holda, natija teskari bo‘lishi mumkin: elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshishi iflos manbalarga bo‘lgan yuklamani yanada kuchaytiradi, iqlim esa yanada yomonlashadi.
Izoh (0)