Saida Mirziyoyeva 18-mart kuni Qozog‘istonda O‘rol Tansiqboyev retrospektiv ko‘rgazmasi ochilishida ishtirok etdi.

“Kecha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Abilxon Qasteyev nomidagi Davlat san’at muzeyi va mamlakatimiz muzeylari bilan birgalikda o‘zbek tasviriy san’atining timsollaridan biriga aylangan rassom O‘rol Tansiqboyevning retrospektiv ko‘rgazmasini ochdik. Ushbu noyob ko‘rgazma musavvirning shakllanish evolyutsiyasini — ilk tajriba chizgilaridan to mukammal peyzaj asarlarigacha kuzatish imkonini beradi”, deb yozdi prezident yordamchisi.
Olmaotadagi muzeyda bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazma O‘rol Tansiqboyevning so‘nggi 40 yil davomidagi ilk keng ko‘lamli ko‘rgazmasidir. U 19-martdan 1-iyungacha davom etadi. Ekspozitsiyada O‘zbekiston va Qozog‘iston muzeylari sara to‘plamlariga mansub, mohir usta ijod yo‘lining barcha bosqichlarini qamrab olgan 78 ta asar taqdim etilmoqda.
--QwVlzNR.avif)
“Umid qilamanki, ushbu ko‘rgazma madaniy aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi”, deb ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.
Ko‘rgazma ochilishidan lavhalar



-EwcwIhSV.avif)

-VTHolb8z.avif)

O‘rol Tansiqboyev haqida
O‘rol Tansiqboyev (1904—1974) manzarachi rassom, rangtasvir ustasi. 1994-yilda O‘zbekiston xalq rassomi unvonini olgan. Monumental sanʼatda tarixiy, maishiy va portret janrlarida asarlar yaratdi. G‘arbiy Yevropa yangi sanʼati, Meksika monumental rassomlari ijodi, O‘rta Osiyo devoriy rassomligi va miniatyura sanʼati uslublarini o‘rgandi va shular taʼsirida ijod qildi.
Uning asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi. Rassom 1967—74-yillarda yashagan uyi Tansiqboyev uymuzeyiga aylantirilgan (1981-yil). Unda ijodiy ustaxona, mehmonxona va boshqa xonalar bo‘lib, ko‘plab hujjatli arxiv materiallari, rassomning ko‘rgazmalarda namoyish qilingan mashhur asarlari saqlanadi.
O‘rol Tansiqboyev Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati (1973-yil). Vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2001-yil).
Izoh (0)