AQSH 2008-yildan beri birinchi marta Buyuk Britaniyaga yadroviy qurol yetkazib berdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gap B61-12 termoyadroviy bombalari haqida ketmoqda. U Boeing C-17 samolyotida tashilgan, uchoqning parvozini yadroviy transport kuchlari nazorat qilgan. 16-iyul kuni AQSH harbiy samolyoti transponderni yoqib, Nyu Meksiko shtatining Albukerke shahridagi Kirtlend aviabazasidan havoga ko‘tarilgan. U Britaniyaning Leykenxit aviabazasiga qo‘ngan.
Butun parvoz davomida havo kemasi o‘z joylashuvini onlayn tarzda ko‘rsatib borgan. Uchoq boshqa davlat hududi ustidan parvoz qilmagan. AQSH va Buyuk Britaniya hukumatlari anchadan beri o‘z yadroviy qurollarining maqomi va joylashuviga izoh bermayapti.
Yadro qurollarining bunday ochiq tarzda tashilishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga AQSH Yevropa xavfsizligini himoya qilishga qat’iy ekanini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos signal bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi mutaxassislar.
Britaniya iyun oyida B61-12 yadroviy bombalarini olib yurishga qodir kamida 12 ta Amerika F-35A qiruvchi samolyotlarini sotib olishini e’lon qilgandi.
Izoh (0)