G‘azo sektorida Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan har 6 falastinlikdan besh nafari tinch aholi bo‘lgan. Bu so‘nggi o‘n yilliklarda urushlarda kamdan-kam uchraydigan darajada yuqori ko‘rsatkichdir.

Isroil harbiy razvedkasining o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning 83 foizini tinch aholi tashkil etgan. Urush boshlanganidan 19 oy o‘tib, may oyiga kelib, HAMAS va Falastin Islomiy Jihodi guruhining 8 900 nafar a’zosi “halok bo‘lgan” yoki “ehtimol o‘lgan” sifatida ro‘yxatga kiritilgan. Shu davrda jami 53 ming falastinlik o‘ldirilgani qayd etilgan.
Ular orasida jangchilar va tinch aholi ham bor edi. Biroq Isroil razvedkasi ma’lumotlarida qurbonlarning 17 foizigina “jangarilar” bo‘lgani ta’kidlangan. Bu esa halok bo‘lganlarning 83 foizi tinch aholi vakillari ekanini ko‘rsatadi.
Halok bo‘lganlar orasida tinch aholining ulushi zamonaviy urushlar uchun favqulodda yuqori ko‘rsatkich. Hatto ommaviy qirg‘inlari bilan tanilgan Suriya va Sudan fuqarolar urushlaridan ham yuqoriroqdir.
“Qurbonlar orasida tinch aholining bunday katta ulushi g‘ayrioddiy holat, ayniqsa mojaro uzoq vaqt davom etayotganini inobatga olsak”, dedi tinch aholi talofatlarini dunyo bo‘ylab kuzatib boradigan Uppsala Mojaro ma’lumotlari dasturi (UCDP) vakili Terese Pettersson.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1989-yildan buyon UCDP kuzatgan global mojarolarda tinch aholi ulushi bundan yuqori bo‘lgan holatlar faqat Srebrenitsa qatliomida (ammo butun Bosniya urushida emas), Ruandadagi genotsidda va 2022-yilda Rossiyaning Mariupolni qamal qilishi paytida kuzatilgan.
G‘azoda 2023-yil oktyabrdan buyon 62 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Odamlar o‘limidan so‘ng terrorchi maqomiga ko‘tariladi. Brigada so‘zlariga ishonganimda, hududda HAMAS jangchilarining 200 foizini o‘ldirganmiz, degan xulosaga kelardim, dedi joylarda harbiy kuchlarga hamrohlik qilgan razvedka manbasining biri.
Iste’fodagi general Itshak Brik aytishicha, siyosatchilar HAMAS qurbonlari soni bo‘rttirib ko‘rsatilayotganini biladi. Brik urush boshida bosh vazir Binyamin Netanyaxuga maslahat bergan va hozirda uning eng qattiq tanqidchilaridan biriga aylangan.
E’lon qilinayotgan raqamlar bilan amalda sodir bo‘layotgan voqealar o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Bu shunchaki katta bir aldovdir, deya ta’kidlagan u.
Izoh (0)