AQSH Demokratik va Respublikachilar partiyasi senatorlari shu hafta Xitoyga nisbatan bosimni kuchaytirish maqsadida uchta qonun loyihasini taqdim etmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

“AQSH Xitoy Xalq Respublikasi va uning butun dunyo bo‘ylab ko‘rsatayotgan tajovuzkorligi oldida o‘zining zaifligini namoyon qila olmaydi”, deydi Oregon shtatidan demokrat senator Jyeff Merkli.
Qonun loyihalaridan birida “uyg‘urlarni majburiy ravishda vataniga qaytarishda aybdor deb topilgan” Xitoyning hozirgi va sobiq rasmiy shaxslariga AQSHga kirishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Yana bir qonun loyihasi esa “Tayvan bilan rasmiy diplomatik aloqalarni saqlab kelayotgan” Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlashga hamda “Taybey bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha boshqa qadamlar”ga qaratilgan. Uchinchi hujjat esa “xalqaro miqyosdagi qatag‘onlarga qarshi kurashga yo‘naltirilgan”.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘shma Shtatlar va Xitoy kelasi hafta boshida Stokgolmda savdo bo‘yicha amaldagi kelishuvlarni uzaytirish masalasini muhokama qiladi.
“AQSH prezidenti Donald Trampning savdo masalalariga e’tibor qaratish istagi Kongressdagi ‘lochinlar’ orasida tashvish uyg‘otdi. Ular xavfsizlik mavzusiga kamroq e’tibor berilishidan xavotirda”, deb yozmoqda Reuters.
AQSH va Xitoy savdo urushi
2-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp barcha davlatlar uchun 10 foizlik asosiy tariflarni joriy qildi. Ammo bojlar har bir davlatning savdo balansiga qarab o‘zgardi. Xitoy bilan savdoda yirik defitsit mavjudligi bois AQSH bu mamlakat uchun tariflarni ancha yuqori darajaga ko‘tarib, 34 foizga yetkazdi.
Bunga javoban Pekin ham shuncha miqdorda Amerika tovarlariga bojlar soldi. Shundan so‘ng Tramp agar Pekin javob choralaridan voz kechmasa, bojlarni 50 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. Shu sababli bojlar 104 foizga oshdi. Natijada Xitoy Amerika mahsulotlari uchun bojlarni 84 foizga oshirishini e’lon qildi. Mazkur e’lon ortidan Tramp Pekin uchun tariflar 125 foizga chiqishini aytdi, keyinchalik buni 145 foizga oshirdi.
Xitoy mazkur tariflarga javoban stavkani 125 foizga ko‘tardi. Xitoy AQSHni “o‘zaro bojlar”ni bekor qilishga va o‘zining noto‘g‘ri amaliyotini tuzatishga chaqirdi. XXR raisi Si Szinpin hech bir davlat “boj urushi”dan yutmasligini qayd etdi. Shundan so‘ng ikkala davlat savdo muzokaralarini boshlagandi.
Izoh (0)