O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari “Ozarbayjon–Turkmaniston–O‘zbekiston” formatidagi uch tomonlama sammitda ishtirok etadi.
“Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbir kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazadi.
Joriy yil 5-avgust kuni Turkmanistonda BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha 3-konferensiyasi o‘tkazilgandi. Anjuman doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Muloqotda energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan. Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olingan.
Izoh (0)