Joriy yil 11-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.

Mazkur tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy bo‘ladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab, jarayonlarda “QR-kod” va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin bo‘ladi. Bu maʼlumotlar qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

2026-yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi. Raqamli platformadagi pul aylanmalari to‘g‘risidagi maʼlumot kredit ajratishda inobatga olinadi.
Izoh (0)