Raqobat qo‘mitasi xorijga ishga yuborish bo‘yicha noqonuniy reklama joylashtirgan ikki bloger sudga berilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan xorijga viza olish va ishga jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi subyektlar haqidagi reklama-axborotlar bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda ijtimoiy tarmoqlardagi @iwash_tashkent sahifasini yurituvchi bloger O.Jo‘rayev hamda @abdurahmonmufid sahifasini yurituvchi bloger A.Abdurahmonovlar tomonidan Adworld Group MCHJ faoliyatiga oid xorijga ishga yuborish xizmatlari haqida reklama-axborotlarini joylashtirib, fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishlash uchun yuborish bo‘yicha xizmatlar bilan shug‘ullanib kelayotgani reklama qilingani aniqlangan.
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlari ularda O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun lisenziya mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etilishi belgilangan.
Bunda, tegishli litsenziyasiz xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va lisenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z bloglarini yurituvchi fuqarolar O.Jo‘rayev va A.Abduraxmonovga nisbatan qonun buzilish holati bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Adworld Group haqida
Ushbu MCHJ ijtimoiy tarmoqlarda Chernogoriya, Serbiya, Angliya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlardagi ish o‘rinlarini reklama qilgan. Fuqarolarga konsalting bahonasida, aslida xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif etgan. Mazkur faoliyat “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, litsenziyasiz amalga oshirilgan.
Raqobat qo‘mitasi avgust oyining boshlarida ushbu kompaniyaning noqonuniy faoliyatini ayrim ko‘p sonli kuzatuvchilarga ega bo‘lgan blogerlar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilganini, ular orqali berilgan noto‘g‘ri reklama odamlarda ishonch uyg‘otib, ko‘plab fuqarolar kompaniya xizmatlaridan foydalanish uchun pul to‘lashga rozi bo‘lib, aldanib qolganini ma’lum qilgandi.
Adworld Group MCHJga nisbatan 112,5 million so‘m miqdorida jarima tayinlangan. Jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani sabab mablag‘ni sud orqali undirish ishlari boshlangan.
12-avgust kuni videolarida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan ikki nafar vaynerga tegishli choralar ko‘rilgandi. 23-iyulda qimor o‘yinlarini reklama qilgan 4 nafar vayner sudga berilgandi. Ularning barchasi joylashtirgan videoroliklarida Melbet bukmekerlik tovar belgisidan foydalangan.
Izoh (0)