Yangi saylangan Rim Papasi Lev XIV oddiy hujrada yashashdan bosh tortdi. U bir necha yillardan buyon bo‘sh turgan Apostol saroyidagi hashamatli apartamentlardan shaxsiy qarorgohi sifatida foydalanmoqchi, deb yozmoqda “Focus.ua” nashri.

Yangi papa saylanganidan ko‘p o‘tmay, Fransiskdan farqli ravishda Apostol saroyida yashashini ma’lum qildi. Shu sababli XVI asrga oid papalik qarorgohining ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Papa bu yerda uch-to‘rt nafar kardinallari, jumladan, Perudan bo‘lgan shaxsiy kotibi — Edgard Rimaikuna Apostol saroyining uchinchi qavatida yashaydi.
“Bunday qaror cherkovning uzoq tarixiy an’analari bilan qanchalik mos kelishini bilmayman, ammo zamonaviy davr uchun bu albatta yangilikdir. Lev Fransiskdan har tomonlama farq qiladi: u papalik qarorgohiga qaytmoqda, ammo buni dabdabaga berilmasdan amalga oshirmoqda”, deydi Vatikan muxbiri Yakopo Skaramuttsi.

Marhum Papa Fransisk Vatikanga oid barcha hashamatni rad etib, 1996-yilda kardinal konklavi uchun qurilgan Casa Santa Marta nomli kichik mehmonxonada yashagan edi. Fransisk vafotidan keyin esa an’analarga ko‘ra ularning eshigi muhrlab qo‘yilgan.

1870-yildan beri Apostol saroyidagi turar joylar Papalarning rasmiy qarorgohi hisoblanadi va har yangi saylangan papa bu yerda ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi. Oxirgi olti Papadan uch nafari — Ioann XXIII, Ioann Pavel I va Ioann Pavel II papalik qarorgohlarida vafot etgan.
Hozircha esa ta’mirlash ishlari yakuniga yetgunga qadar Rim papasi Avliyo Pyotr sobori yonidagi Sagrestiya binosida istiqomat qilmoqda.
Izoh (0)