Rossiya Ukrainaning bosib olingan Xerson, Xarkov va Zaporojye viloyatlari hududlarida 10 nafar tinch aholiga nisbatan jinsiy qiynoqlar qo‘llagan. Bu haqda BMTning qiynoqlar va shafqatsiz muomala bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Elis Jill Edvards xabar berdi.

Qiynoqqa solinganlik bo‘yicha tegishli ma’lumotlar Rossiyaga yetkazilgan.
To‘rt ayol va olti erkakning tajribasini aks ettiruvchi bu alohida bayonotlar haqiqatan ham dahshatli. Biroq ular kengroq hujjatlashtirilgan manzaraning faqat kichik bir qismini tashkil etadi, dedi Edvards.
Hujjatlashtirilgan barcha holatlarda elektroshok qo‘llangani, jumladan, jinsiy a’zolarga nisbatan ham ishlatilgani ta’kidlangan.
Tinch aholi kaltaklangan, tepib urilgan, ko‘zlari bog‘langan, ba’zi hollarda esa cho‘ktirish va qatl etish sahnalari imitatsiya qilingan, deyiladi xabarda.
BMT maxsus ma’ruzachisi tinch aholini himoya qilishga va Rossiyani javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Harbiy mojarolarda xalqaro huquqning asosiy qoidalaridan biri — tinch aholi himoyalangan bo‘lishi kerak, deya eslatdi Edvards.
U, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va ushlab turish, hamda fuqarolarning sog‘lig‘iga bo‘lgan huquqlarining jiddiy buzilishi haqida “ishonchli dalillar” mavjudligini ta’kidladi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qamoq joylaridagi qiynoqlar oqibatida, jumladan, tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish tufayli o‘lim holatlari ham qayd etilgan.
Izoh (0)