Kolumbiyada jangarilar politsiya vertolyotini urib tushirishi oqibatida 12 nafar xodim halok bo‘ldi. Bu haqda politsiya boshlig‘i Karlos Trianaga tayanib, Associated Press xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, vertolyot “Markaziy qo‘mondonlik” qurolli guruhi a’zolari tomonidan 21-avgust kuni urib tushirilgan. Hodisa Antioxiya departamentining Amalfi tumanida sodir bo‘lgan. Jangarilar vertolyotni urib tushirishda dronlardan foydalangan. Politsiya xodimlari musodara qilingan 1,5 tonna kokainni yo‘q qilish operatsiyasiga ketayotgan edi.
“Kolumbiya uchun motam kuni. Terrorizm 12 nafar jasur politsiyachining hayotini olib ketdi va yana to‘rt nafarini yaraladi”, dedi politsiya boshlig‘i Karlos Triana.
Dastlab qurbonlar soni 8 kishini tashkil etgan, yaradorlar soni ham shuncha bo‘lgan. Keyinchalik halok bo‘lganlar soni ortgan.
21-avgust kuni Kolumbiyaning Kali shahrida harbiy aeroport yaqinida terrorchilik akti yuz berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasining portlashi tufayli 6 kishi halok bo‘lgan, 65 kishi jarohat olgan. Mamlakat prezidenti Gustavo Petroning aytishicha, ushbu teraktni uyushtirganlikda “Markaziy qo‘mondonlik” ham gumonlanmoqda.
Kolumbiyada so‘nggi oylarda xavfsizlik kuchlari bilan qurolli guruhlar, sobiq isyonchilar yoki narkokartellar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, dron orqali uyushtirilayotgan hujumlar soni oshib bormoqda, xususan, 2024-yilda shunga o‘xshash 115 ta hujum qayd etilgandi.
Izoh (0)