O‘zbekiston Vengriya bilan ichki ishlar sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Keltirilishicha, O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov boshchiligidagi delegatsiya shu yilning 16-19-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo‘ldi.
Tashrif doirasida Vengriya ichki ishlar vaziri Shandor Pinter bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot davomida tomonlar ichki va raqamli xavfsizlik, jinoyatchilikka qarshi kurash, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma ta’lim tashabbuslari istiqbollari muhokama qilindi. Terrorizm, narkotrafik, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, migratsiya jarayonlarini tartibga solish va fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Vengriya tomoni O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq xavfsizlik darajasini yuqori baholadi va hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha aniq qo‘shma loyiha va tadbirlarni ko‘zda tutuvchi 2025—2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Vengriya ichki ishlar vazirini mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
O‘zbekiston va Vengriya vagonsozlik sohasida birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Uning qayd etishicha, o‘rta (Transkaspiy) koridor ochilishi, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi investorlarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik o‘rni muhim ekanligini tushunish imkonini bermoqda. Vengriya tomoni bilan infratuzilma yaratish va xizmatlarni tashkil etishda hamkorlik qilish bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolandi.
Vengriyalik investorlar bilan O‘zbekiston hududida logistika markazlarini qurish va ularni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Izoh (0)