Navoiy viloyatida bankomatni o‘g‘irlab ketgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 4-avgustidan 5-avgustga o‘tar kechasi qo‘llariga tibbiyot qo‘lqoplari va yuzlariga niqob taqqan 2000, 2002 va 2004-yillarda tug‘ilgan shaxslar davlat raqami mavjud bo‘lmagan mashinada “Taraqqiyot” MFYda joylashgan bankomatni o‘g‘irlab ketgan.

Ushbu pul jo‘natish qurilmasida 5 million 263 ming so‘m pul mablag‘lari bo‘lgan. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida 3 nafar gumonlanuvchi navbatdagi o‘g‘rilikni amalga oshirmoqchi bo‘layotgan paytlarida qo‘lga olingan.
Mazkur holatda davlat manfaatlariga 36 million 763 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.
Gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq shu kabi holat Toshkent shahrining Uchtepa tumanida ham kuzatilgandi. Unda gumonlanuvchilar voqea joyida bankomatni ko‘tarib mashina yukxonasiga joylashtirishga uringanida uni og‘irligidan tushirib yuborgan va voqea joyidan qochib ketishgan.
Izoh (0)