O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning “SSKA” klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Turkiya Superligasi vakili — “Istanbul Bashakshehir” bilan shartnoma imzolash arafasida. Manbalarning xabariga ko‘ra, futbolchi Istanbulda tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘ldi va transfer yaqin kunlarda rasman e’lon qilinadi.
Bu oddiy klub emas — u Turkiya prezidenti Rejeb Tayyip Erdog‘anning sevimli jamoasi sifatida tanilgan. Hozirda bu jamoa safida yana bir o‘zbekistonlik — Eldor Shomurodov ham to‘p surmoqda.

“SSKA” ushbu transfer evaziga 7,5 million yevro daromad oladi. Bu raqam Moskva klubi Fayzullayev uchun ikki yil oldin to‘lagan summadan qariyb 14 barobar ko‘p. Transfer futbol jamoatchiligi orasida katta qiziqish uyg‘otdi. “Istanbul Bashakshehir” qanday klub? Uning tarixiy yutuqlari va hozirgi holati qanday? Eng asosiysi — Fayzullayev bu jamoada o‘zini ko‘rsata oladimi? Rossiyaning Championat nashri turk futboli eksperti Elvin Kerimov bilan ushbu savollarga javob izladi.
“Istanbul Bashakshehir” — siyosiy homiylik ostidagi jamoa
Turkiya rahbari Rejeb Tayyip Erdog‘an faol siyosiy faoliyatidan oldin havaskor futbolchi bo‘lgan va mahalliy “Kasimpasha” farm-klubida o‘ynagan. U bir vaqtlar Turkiyaning eng mashhur klublaridan biri “Fenerbahche”da to‘p surishi mumkin edi, biroq jamoadagi murabbiyning almashishi tufayli bu transfer amalga oshmagan.
Keyinchalik prezident “Fenerbahche”ga homiylik qilishga urinib ko‘rdi, biroq jamoa mustaqilligini saqlab qolishni va davlatga qaram bo‘lmaslikni istadi. Shundan so‘ng u kamtar va muxlislari ko‘p bo‘lmagan “Istanbul BB” klubini tanlab, uni siyosiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. 2014-yilda klub “Istanbul Bashakshehir” nomi bilan qayta tashkil qilinadi.

Klub prezidenti — Erdog‘anning qudasi, boshqaruvni esa prezidentning o‘g‘li norasmiy tarzda olib boradi. Rasmiy ranglar — to‘q ko‘k va to‘q sariq — Erdog‘an yetakchilik qilayotgan partiya ranglariga mos. Asosiy homiy — sog‘liqni saqlash vazirining klinikasi “Medipol”.
Elvin Kerimov: Ilgari bu klub Superliganing o‘rtamiyona jamoasi edi, ammo siyosiy qo‘llab-quvvatlash orqali chempionlikni qo‘lga kiritdi va muntazam ravishda Yevropa musobaqalarida qatnashmoqda.
Jamoa yutuqlari va hozirgi holati
“Bashakshehir” — “Galatasaroy”, “Fenerbahche” va “Beshiktosh” kabi gigantlar soyasida qolmay, 2019/20-yilgi mavsumda Superliga chempioni bo‘lgan kam sonli jamoalardan biri. O‘sha davrda klub tarkibida Demba Ba, Gael Klixi, Edin Visha kabi taniqli futbolchilar bo‘lgan. Hatto ular “Manchester Yunayted”ni Chempionlar Ligasi guruh bosqichida 2:1 hisobida mag‘lub etishni ham uddalashdi.

Ammo bu yutuqdan so‘ng jamoaning o‘yini pasaygan. Keyingi mavsumda klub 12-o‘ringa tushib ketdi. So‘nggi yillarda esa 4–5-o‘rinlar bilan cheklanib keladi, biroq Konferensiyalar Ligasi yo‘llanmasini har mavsum qo‘lga kiritmoqda.
“Bashakshehir” Fayzullayev uchun tramplin bo‘la oladimi?
Kerimov: Fayzullayev uchun boshqa takliflarni kutishdan ko‘ra, shu transferga rozi bo‘lish foydaliroq edi. Klub taklifi moliyaviy jihatdan ham unga, ham “SSKA”ga manfaatli. Istanbul — madaniy jihatdan O‘zbekistonga yaqin shahar. Shu bois u yerga turkiy davlat vakillari — Zaynutdinov, Shomurodov kabi futbolchilar kelishmoqda.
Atan Chag‘dash — turkiyalik “Mareska”
“Bashakshehir” bosh murabbiyi — 45 yoshli Atan Chag‘dash. U ilgari “Bazel” va “Beshiktosh”da o‘ynagan, 2016-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. U yuqori pressing, to‘p nazoratiga asoslangan va tezkor hujumlarga urg‘u beradigan zamonaviy futbol tarafdoridir.

Kerimov: Chag‘dash Enso Mareska ishqibozi. U qo‘l ostida Fayzullayev ancha tajriba to‘playdi. Agar “Alanayaspor”da ishlagan yillarini eslasak, uning jamoasi maydonda to‘pni nazorat qilish bo‘yicha rekord o‘rnatgan edi. Bu murabbiy qo‘l ostida Fayzullayev ko‘p narsani o‘rganadi
Klubdagi asosiy muammo — himoya
O‘tgan mavsumda “Bashakshehir” 36 o‘yinda 56 ta gol o‘tkazib yubordi. Bu kuchli sakkizlikdagi eng yomon natija. Sababi — murabbiy tanlagan tizimda zaxira varianti yo‘q. Raqibga pressing qilishda xatolik yuz bersa, butun himoya sochilib ketadi.
Klubning hujumdagi salohiyati kuchli, biroq himoyadagi xatolar sababli ko‘p muammoga duch kelmoqda. Ayniqsa, qarshi hujumlar va himoyada qo‘yilgan “avtobus”lar payti jamoa o‘yinlarida muammo paydo bo‘ladi, — deya tushuntiradi Kerimov.
Fayzullayev — tarixdagi eng qimmat xarid
“Bashakshehir”ning transfer siyosati ancha konservativ: klub odatda futbolchilarni bepul yoki arzon narxda olib, yuqori narxda sotishni afzal ko‘radi. Misol uchun, Kshishtof Pyontek 10 million yevroga Qatar klubiga sotildi. Irfon Kahveji, Ndayishimiye kabi o‘yinchilar ortidan ham yaxshi foyda ko‘rilgan.

Fayzullayev uchun to‘langan 7,5 million yevro — klub tarixidagi rekord. Bu yosh va istiqbolli futbolchi uchun qilinayotgan sarmoya bo‘lishi bilan birga, keyinchalik yanada qimmatga sotishni mo‘ljallamoqda.
Bu klubda moliyaviy muammolar yo‘q. Ular shunchaki ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi. Fayzullayev — kelajakka qilingan sarmoya sifatida qaralayotgan futbolchi, — deydi Kerimov.
“Bashakshehir” — yulduzlarsiz yulduz jamoa
Bugungi kunda klub tarkibida yulduz futbolchilar deyarli yo‘q. Ammo sifatli va tajribali o‘yinchilar bor: himoyachi Leon Duarte (“Milan”da o‘ynagan), Onur Bulut, Migel Kreshpu, Beraht Ozdemir, Yusuf Sari, Deyvi Zelk va boshqalar.
Darvozabon Muhammet Shengezer — Turkiyadagi eng yaxshi “oyoqda o‘ynaydigan” posbonlardan biri. U Konferensiyalar Ligasida ikkita assist muallifiga aylangani bunga misol bo‘la oladi.

Bugungi holatda “Bashakshehir” transfer qiymati bo‘yicha “Galatasaroy” va “Fenerbahche”dan ancha orqada — ularning byudjetlari, tarkibi va imkoniyatlari bilan raqobat qilish deyarli imkonsiz. Ammo bu jamoa Fayzullayev kabi yosh futbolchilar uchun — tramplin bo‘la oladi.
Fayzullayev bu klub Turkiya futboli yulduziga aylanishi mumkin. U yerda doimiy o‘yin amaliyoti, yevrokuboklar va murabbiyning yondashuvi uni boshqa darajaga olib chiq oladi, — deydi Elvin Kerimov.
Izoh (0)