Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3-dekabrdagi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgandi. Senatning 18-dekabrdagi yalpi majlisida qonun muhokama etilib, ma’qullandi.
Taʼkidlanishicha, 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra 2025-yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Xususan, qonunda o‘rta muddatda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431 trillion so‘m, xarajatlar esa 480,5 trillion so‘m miqdorida shakllantirilgan.
Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trillion so‘m va 62,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingan bo‘lib, davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Senatorlar qonunni muhokama qilish jarayonida byudjet daromadlarini oshirishga, byudjet mablag‘larini maqsadli sarflashga alohida eʼtibor qaratdi va o‘z fikrlarini bildirdi.
Qonunda 2025-yil uchun davlat byudjeti xarajatlarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trillion so‘m ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 41,3 trillion so‘mni yoki 2024-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda ajratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida 2025-yilda hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish hamda davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar uchun ham mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida qonunda byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, mamlakatda aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, taʼlim, sog‘liqni saqlash sohalarini hamda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, tabiatni asrashni rag‘batlantirish masalalariga eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.
Izoh (0)