Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 15 kun ichida Suriyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Turkiye Gazetesi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, prezident “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) rahbari al-Juloniy bilan uchrashishni va umaviylar masjidida namoz o‘qishni rejalashtirgan. Erdo‘g‘onning xavfsizligi uchun Xama, Xoms va Idlib liniyalari bo‘ylab favqulodda havo va quruqlik qalqoni yaratiladi. Bundan tashqari, Turkiya radarlari faollashtiriladi va barcha havo harakatlari nazorat ostida bo‘ladi.
Turkiya hukumati mazkur ma’lumotni hozircha tasdiqlagani yo‘q. Bashar Asad rejimining atigi o‘n bir kun ichida kutilmaganda qulashi Turkiyaga Yaqin Sharq mintaqasining kelajagini shakllantirishda asosiy o‘yinchi rolini berdi. So‘nggi ikki hafta ichida Anqara Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun kelgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken kabi muhim mehmonlarni qabul qildi.
Turkiya Isroilning yaqinda Suriya janubiga bostirib kirishini qoraladi. Damashqdagi yangi hukumat na Tehron, na Tel Aviv uchun tahdid bo‘lishini qayd etdi. Anqaraning Suriyadagi muhim maqsadi yangi mintaqaviy tartibni o‘rnatishdan iborat.
Suriyada Asad rejimi qulashi
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.
Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirdi, odamlar buyumlarni talon-toroj qildi. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlandi.
Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.
10-dekabr kuni Idlib shahrida isyonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir o‘zini Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan murojaatida bu lavozimni kamida 2025-yil 1-martgacha egallab turishini aytdi.
Izoh (0)