Asad rejimini ag‘dargan koalitsiya yetakchisi Abu Muhammad al-Juloniyga ko‘ra, mamlakat kelgusi to‘rt yil ichida saylovlar o‘tkazadi. U, shuningdek, yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish uch yilgacha vaqt olishi mumkinligini aytdi. Suriyaning de-facto rahbari bu haqda Saudiya Arabistoni davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Suriyaliklar keskin o‘zgarishlarni ko‘rishi uchun taxminan bir yil vaqt ketadi, dedi al-Juloniy.
Suriyaning amaldagi rahbari HTSH kabi guruhlar “milliy muloqot konferensiyasida tarqatib yuborilishini” aytdi.
“Albatta. Mamlakatni guruhlar va militsiya mentaliteti bilan boshqarib bo‘lmaydi”, dedi u bu haqdagi savolga javob berar ekan.
Juloniy AQSH dastagi bilan Suriya shimoli-sharqini egallab turgan kurdlar masalasida ham izoh berdi. U barcha tomonlar, jumladan, Suriya demokratik kuchlari (SDF) bilan ham muzokaralar olib borilayotganini aytdi.
“Biz Suriyaning Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) uchun Turkiyaga qarshi hujumlar uyushtirish platformasiga aylanishiga qarshimiz”, dedi u qurollar faqat mudofaa vazirligi ixtiyorida bo‘lishi kerakligini ta‘kidlab.
Suriya qurolli muxolifati tomonidan kutilmaganda boshlangan hujum 13 yildan beri davom etayotgan qonli mojaro va yarim asrlik sulola boshqaruviga yakun yasadi. Bu Asad rejimining uzoq yillik ittifoqchilari Rossiya, Eron va “Hizbulloh” pozitsiyalari zaiflashgan vaqtga to‘g‘ri keldi.
Asad rejimiga qarshi koalitsiyani boshqargan “Hay’at Tahrir ash-Shom” jangari guruhi BMT, Qo‘shma Shtatlar, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlar tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Uning yetakchisi Juloniy haqidagi ma’lumot uchun yaqin kunlargacha 10 million AQSH dollari mukofot amal qilayotgandi.
Suriyaning yangi rahbariyati rejim iqtidorda bo‘lgan vaqt joriy qilingan xalqaro sanksiyalarni bekor qilishga erishmoqchi. Juloniy bu borada AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatiga umid bildiryapti.
Izoh (0)