Rossiya prezidenti Vladimir Putin 36 nafar sobiq va amaldagi siyosiy yetakchilarni Rojdestvo va kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi.
Yevropa davlatlari yetakchilari orasida faqat Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bor. Ulardan tashqari, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va prezidenti Draupadi Murmu, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va prezidenti Vaagn Xachaturyan, Shimoliy Koreya prezidenti Kim Chen In, Rim papasi Fransisk, Xitoy raisi Si Szinpin tabrik telegrammalarini qabul qildi.
Markaziy Osiyo davlatlarining barcha prezidentlariga tabrik yo‘llangan.
Bundan tashqari, tabriklar yana besh nafar sobiq rahbarga yo‘llangan: Kuba sobiq prezidenti Raul Kastroga, Qozog‘iston sobiq rahbari Nursulton Nazarboyev, Armaniston sobiq prezidenti Robert Kocharyan va sobiq bosh vazir Serj Sargsyanga, shuningdek, Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoderga.
Ro‘yxatda dekabr oyi oxirida Moskvaga tashrif buyurgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso yo‘q. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov u ham Putindan tabrik olganini aytgan.
2023-yilga nisbatan Putin tabriklarini oluvchilar ro‘yxatida Suriya va Abxaziya prezidentlari Bashar Asad va Aslan Bjaniya yo‘q. Birinchisi fuqarolar urushi natijasida ag‘darildi va Rossiyaga qochib ketdi, ikkinchisi ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin iste’foga chiqdi. Bundan tashqari, ro‘yxatda bir yil avval telegramma olgan Fransiya sobiq bosh vaziri Nikolya Sarkozi tilga olinmagan.
Izoh (0)