Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki tomonlama kun tartibidagi hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘limi
Rossiya FXXga ko‘ra, 17-dekabr kuni general va yordamchisining o‘limiga sabab bo‘lgan teraktni amalga oshirgan shaxs bombani elektr samokatga o‘rnatgan. O‘zbekiston fuqarosi kuzatuv uchun karshering mashinasini ijaraga olib, unga Wi-Fi kamerasini ulagan. Tasvirlar esa Dnepropetrovskdagi terakt tashkilotchilariga uzatilgani ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, general va yordamchisi podyezddan chiqishi haqida videosignal olingandan so‘ng, Ukraina razvedkasi masofadan turib bombani ishga tushirishga ko‘rsatma bergan.
“Qotillik sodir etgan O‘zbekiston fuqarosiga Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan 100 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli va Yevropa ittifoqiga chiqish va’da qilingan”, deyiladi Rossiya FXX bayonotida.
Qotillikda gumonlangan o‘zbekistonlik erkak Moskva viloyati Balashixa tumanidagi Chernoye qishlog‘ida qo‘lga olingan.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi holat bo‘yicha izoh berib, davlat huquq-tartibot idoralari bilan aloqada bo‘lib, ushbu voqeani sodir etganlikda gumon qilingan shaxs haqidagi maʼlumotni aniqlashtirayotganini aytgandi.
Izoh (0)