Yevropa davlatlari o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin Ukrainaga 100 minggacha qo‘shin yuborishni muhokama qilmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Reuters xabar berdi.
Bunda asosiy kuchlarni Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Buyuk Britaniya harbiylari tashkil etishi ehtimoli yuqori. Yevropa kontingentini Ukrainaga yuborish bo‘yicha muzokaralar dastlabki bosqichda. Ammo mamlakatlar o‘rtasida allaqachon kelishmovchiliklar mavjud.
Ayrim Yevropa rahbarlari bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinda muzokaralar vaqti kelgani va u jang maydonidagi pozitsiyasini saqlab qolishi mumkinligi haqida taassurot uyg‘otishni xohlamaydi. Parda ortida ba’zi amaldorlar Yevropa ittifoqi Ukrainaga bera oladigan ehtimoliy kafolatlarni ham ko‘rib chiqmoqda.
Reuters’ning ukrainalik manbalaridan biri Yevropaning tiyib turuvchi kuchlari besh-sakkizta davlatdan iborat bo‘lishini aytmoqda. Ayrim tahlilchilar Yevropa kontingenti tarkibida 40 mingga yaqin harbiy bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutida ishlaydigan, Avstriyaning sobiq harbiy rejalashtirish mutaxassisi Frans-Stefan Gadi fikricha, rotatsiyaga taxminan 100 ming harbiy jalb etilishi mumkin. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan Yevropa xavfsizlik ofitseri ham bunga qo‘shiladi.
Rossiyaning prognozi
Noyabr oyi oxirida Rossiya Tashqi razvedka xizmati ham 100 ming harbiy haqida ma’lumot bergandi. Jumladan, G‘arb mamlakatlari urushni “muzlatish” va u yerga 100 minggacha tinchlikparvar yuborishi mumkinligini bildirgan.
Reuters agentligi ta’kidlashicha, Yevropa kuchlarining ishtiroki Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini oshiradi. Shuningdek, ular BMT homiyligida bo‘lishi kerakmi, degan masala ham ko‘tarilmoqda. Amaldorlar fikricha, bu Rossiyaga haddan tashqari katta ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Izoh (0)