Rossiya Ukrainaga harbiy qo‘shin kiritishidan bir necha kun oldin o‘zining strategik to‘xtatuvchi kuchlari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay yadroviy kuchlarini “maxsus rejim”ga solib, oxirigacha borishga qaror qilgani haqida butun dunyoga ochiqchasiga signal berdi. Siyosatshunos va xavfsizlik bo‘yicha xalqaro ekspert Pavel Luzin Meduza’ning nostrategik yadroviy qurol strategik yadroviy quroldan nimasi bilan farq qilishi, ulardan foydalanish ehtimoli qanchalik yuqori ekani haqidagi savollariga javob berdi. “Daryo” bu suhbatni o‘zbek tiliga o‘girdi.
Strategik va nostrategik yadro qurollari o‘rtasidagi farq nimada?
Strategik yadro quroli deganda, qoidaga ko‘ra, raqibga o‘nglab bo‘lmas darajada talafot yetkazadigan “klassik” yadro quroli tushuniladi. Rossiya va NATO to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlardan qochishining sabablaridan biri ham shu: agressiya yuz bersa, buning kasriga yer sharidagi boringki tirik jonzot qirilib ketishi kafolatlanadi. Nostrategik yoki taktik yadroviy qurol esa to‘g‘ridan to‘g‘ri operatsiyalar vaqtida foydalanish va hatto jang maydonidagi muammolarni hal qilish uchun mo‘ljallangan.Rossiyaning bugungi harbiy strategiyasida (quyida batafsilroq) uning qo‘llanilishi o‘zaro qirg‘inni kafolatlamaydi, ya’ni bu shunchaki kuchliroq an’anaviy quroldir. Ammo sovuq urush vaqtida bu ajratish shartli edi, chunki har qanday yadro qurolidan foydalanish deyarli muqarrar ravishda ikki tomonlama to‘liq vayronagarchilikka olib keladigan yadroviy urushga sabab bo‘ladi, deb ishonilgan.
Lekin 1969–1979-yillarda strategik qurollarni cheklash bo‘yicha SSSR va AQSH o‘rtasida o‘tkazilgan bir necha bosqichli muzokaralarda qit’alararo masofani qamrab oluvchi, ya’ni ta’sir kuchi 5500 kilometrdan oshuvchi yadroviy kuchlar alohida toifaga ajratiladi. Shu masofaga yetmaydigan har qanday qurol nostrategik yadroviy qurol bo‘lib qoladi.
1980-yillar oxiri va 1990-yillarda qurolsizlanish bo‘yicha bir qancha Sovet-Amerika shartnomalari tuzilgandan so‘ng taktik yadroviy qurolning bir nechta sinflari yo‘q qilinadi. Rossiya ham, AQSH ham o‘zidagi to‘lib-toshgan taktik yadro qurollari arsenallarini faol ravishda kamaytira boshlaydi. Misol uchun, 1990-yillarning boshida SSSRda 21 700 tagacha taktik yadroviy qurol birliklari mavjud bo‘lgan, bu esa yadroviy arsenalni saqlash, texnik xavfsizlik va nazorat qilishda katta muammolarni keltirib chiqargan. Shu jihatdan arsenallarni bir necha barobar qisqartirish har ikki davlat manfaatlariga mos edi.
Bugungi kunda Rossiya ixtiyoridagi taktik yadroviy qurollar soni qancha?
Qolgan taktik yadroviy qurollar soni shartnomalarda ko‘rsatilmagani va Rossiya ham, AQSH ham aniq raqamlarni keltirmagani sababli biz faqat ekspertlarning taxminiy raqamlariga suyana olamiz, xolos. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda bugungi kunda 230 ta erkin tushadigan aviabombalar mavjud bo‘lib, ulardan 100 tasi Yevropadagi bazalarda joylashgan. O‘z navbatida, keng miqyosdagi taktik yadroviy qurolga ega bo‘lgan Rossiya uchun raqamlar soni juda katta farq qiladi: 860–1040 dan 1912 birlikkacha.Biroq hozirgi tashuvchilar soniga ko‘ra baholansa (Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlari, Su-34 qiruvchi bombardimonchi samolyotlari, Il-38 va Tu-142 suv osti kemalariga qarshi samolyotlar, 949A “Antey” loyihasining qanotli raketalar hamda raketa kreyserlariga ega suvosti kemalari, shuningdek, “Iskandar” raketa komplekslari), unda Rossiyaning foydalanishga yaroqli taktik yadroviy quroli birliklari soni 520–550 birlikdan oshishi dargumon.
Qolgan nostrategik yadro qurollari, katta ehtimol bilan, o‘zining va tashuvchilarining eskirishi tufayli foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan (masalan, o‘tmishda ish bergan bir qancha o‘nlab Su-24 bombardimonchi samolyotlari yoshi tufayli endi ishonchli emas). Qolaversa, tashuvchilarning bir qismiga endilikda faqat an’anaviy, ya’ni yadroviy bo‘lmagan jangovar kallaklarga ega raketalar o‘rnatilgan.
Rossiya chindan ham taktik yadroviy quroldan foydalanishga tayyormi?
Sovet davrida qo‘mondonlik mojaroning an’anaviydan yadroviygacha kuchayib borishi muammosini hal qila olmagan. Yirik armiya (uch milliondan ortiq kishi, ulardan 600 ming nafari Varshava shartnomasidagi mamlakatlar va Mo‘g‘ulistonga joylashtirilgandi) hamda ulkan yadro arsenali to‘liq miqyosdagi yadro urushi boshlanishidan dalolat berib turardi. NATO bilan oradagi sovuq qarama-qarshilik ochiq urushga aylansa, bu yuz berishi muqarar edi.Yadro arsenali qisqargani, qurolli kuchlar soni kamaygani, qo‘mondonlik va boshqaruv tizimi o‘zgargani sababli vaziyat ham o‘zgargan.Kamida 2010-yillar boshidan beri Rossiyadagi harbiy rejalashtirishda muammoning “deeskalatsiya uchun eskalatsiya” yoki “yadroviy deeskalatsiya” konsepsiyalari mavjud bo‘lgan. Ushbu paradoksal konsepsiyaning mavjudligi bir necha yil oldin ayrim mutaxassislar tomonidan shubha ostiga olingan bo‘lsa-da, ba’zi hujjatlardan uning izlarini topish mumkin. Masalan, 2017-yil iyul oyida qabul qilingan “Rossiya Federatsiyasining 2030-yilgacha dengiz faoliyati sohasidagi davlat siyosati asoslari”ning 37-moddasida shunday deyiladi:
Harbiy mojaro kuchaygan sharoitda nostrategik yadroviy qurol yordamida kuch ishlatishga qat’iyan tayyorlikni namoyish qilish samarali to‘xtatuvchi omil hisoblanadi.2020-yil iyun oyida qabul qilingan “Rossiya Federatsiyasining yadroviy to‘xtatish sohasidagi davlat siyosati asoslari” nomli hujjatda “Rossiya Federatsiyasiga qarshi oddiy qurol bilan, biroq mamlakat mavjudligini xavf ostiga qo‘ygan holda” qilingan tajovuz ham yadroviy quroldan foydalanish shartlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan (17-modda va 18-moddaning “d” bandi). Bundan tashqari, yadroviy to‘xtatish nafaqat yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlar yoki davlatlar koalitsiyasiga, balki “umumiy maqsaddagi sezilarli jangovar qobiliyatga” ega bo‘lgan davlatlarga ham tegishli (13-modda). Shuningdek, hujum qilish qobiliyatiga ega uchuvchisiz uchish apparatlarini yuborish ham zararsizlantirish uchun yadroviy to‘xtatuvchi vosita qo‘llaniladigan xavflar qatoriga kiritilgan (12-modda, “b” bandi).
Ushbu yondashuvda mojaroning “yadroviy deeskalatsiyasi”, birinchi navbatda nostrategik yadroviy qurolni aholi yashamaydigan hududlarda yoki dushmanning kema o‘tolmaydigan akvatoriyalarada namoyishkorona qo‘llash imkoniyatini anglatadi. Bu orqali dushmanni ruhan sindirish va Rossiyaning tinchlik o‘rnatish bo‘yicha shartlarini qabul qildirish ko‘zda tutilgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Kreml mojaroning istalgan bosqichida eskalatsiyani nazorat qilish va o‘z siyosiy irodasini bildirishga qodirligiga ishonchi komil.
Bu ishonch ikki omilga borib taqaladi:
Birinchidan, bugungi kunda Rossiya harbiy rahbariyatida nima ish bilan shug‘ullanayotganini haqiqatan ham o‘zining shaxsiy tajribasida tushunadigan va shu tushunchani siyosiy rahbariyatga yetkazishga qodir bo‘lgan yadroviy sinov ishtirokchilari deyarli yo‘q.
Ikkinchidan, yadroviy arsenalni qisqartirish keng ko‘lamli yadro urushi va turli miqyosdagi yadroviy hodisalar xavfini kamaytiribgina qolmaydi. U, shuningdek, aks ta’sirga ham olib keladi: taktik yadroviy qurol yaxshi yechim bo‘lib ko‘rinadigan chegara pasayishi ham mumkin.
Prezident taktik yadroviy qurolni ishga solishga qaror qilsa, nima bo‘ladi?
Bu savol, o‘z ta’sirchanligi bilan, faqat ochiq manbalar orqali ishlovchi fuqarolik taqdiqotchilari uchun ko‘p jihatdan noma’lumligicha qolmoqda. Lekin shunda ham asosiy tahlil uchun ikki jihat mavjud: logistika va buyruqqa oid.Rossiyaning barcha yadroviy qurollari ishlab chiqarish va logistika tizimiga kiritilgan. Yadro kallaklari Uraldagi “Rosatom” zavodlaridan chiqib, Mudofaa vazirligining 12-bosh boshqarmasi ixtiyoriga o‘tadi. Ushbu jangovar kallaklar turiga va mo‘ljallangan vazifalariga qarab, markaziy saqlash bazalari (MSB) o‘rtasida taqsimlanadi. Hozirda bunday arsenallar soni 12 tani tashkil etadi.
Mazkur MSBlarda kallaklar shay holga keltirilib, tegishli texnik xizmat hamda ta’mirlash va texnik bazalari o‘rtasida taqsimlash ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan (10–15 yilda bir) yaroqlilik muddati tugagan bir qator asosiy komponentlarni yangisiga alishtirish uchun yadroviy kallaklarni zavodlarga qayta yuborish talab etiladi. Yadro qurolining o‘ziga xos sayohati shu tarzda amalga oshadi.
Shu bilan birga, tinchlik davrida jangovar navbatchilikda bo‘lgan strategik yadro kuchlari (ayniqsa, raketa qo‘shinlari va strategik suvosti kemalari) yadro kallaklari bilan bevosita aloqada bo‘lib, ularni nazorat qiladi, ta’mirlash va texnik bazalari esa bevosita ularning hududida joylashgan.
Nostrategik yadro qurollari esa tinchlik davrida, aksincha, Mudofaa vazirligining 12-bosh boshqarmasi ofitserlari qo‘lida bo‘lib, ularning ta’mirlash-texnik bazalari tashuvchilar bazalaridan tashqarida joylashgan. Ya’ni ularni ishga tushirilishi kerak bo‘lgan joyga olib borish masalasi ham bor. Boz ustiga, butun postsovet davrida taktik yadroviy qurol tashuvchilarni nazorat qiluvchi ofitserlar bu qurollar bilan o‘zaro aloqada bo‘lmagan. Ofitserlar undan foydalanish bo‘yicha maxsus o‘quv markazida o‘qitilgan, xolos.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti taktik yadroviy qurolni ishga tushirishni buyursa, buyruqni bajarishda ko‘plab kishilar ishtiroki zarur bo‘ladi. Bu nafaqat Mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig‘i, balki Mudofaa vazirligining 12-bosh boshqarmasi rahbari, ma’lum bir saqlash bazasining komandir va ofitserlari, shuningdek, ma’lum bir ta’mirlash bazasining komandir va ofitserlaridan ham iborat bo‘ladi. Ulardan nostrategik yadroviy qurol birligini tashuvchiga yetkazib berish va ushbu birlikni jangovar holatga keltirish talab etiladi.
Bunga parallel ravishda undan foydalanishi kerak bo‘lgan qo‘shin turlari qo‘mondoni (Havo kuchlari, Harbiy dengiz floti va boshqalar) hamda taktik yadroviy qurolni ishga tushiradigan harbiy okrug qo‘mondoni jalb qilinadi. Nihoyat, buyruqni bajarishi kerak bo‘lgan ma’lum bir bo‘linma komandiri va ofitserlari ham bu ishga jalb qilinadi. Bu zanjirning har bir bosqichida muvaffaqiyatsizlik, qaysidir ofitserning buyruqni bajarishdan bosh tortishi va hatto yashirincha sabotaj qilish ehtimoli mavjud.
Shu bilan birga, Rossiya siyosiy rahbariyatining o‘z armiyasiga ishonchsizligi (uchrashuvlarda prezident, mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig‘i bir-biridan kulgili tarzda uzoq o‘tirishi ham shundan dalolat beradi) taktik yadroviy quroldan foydalanishda qo‘shimcha to‘siq bo‘lib xizmat qiladi. Bu shuni anglatadiki, agar taktik yadro qurolini ishlatishga topshiriq bo‘lsa, amalga oshirishning barcha bosqichlarida boshqa huquqni muhofaza qilish organlaridan Kremlga yaqin bo‘lgan bir guruh ofitserlar guruhi uni o‘z nazorati ostiga olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Misol uchun, Milliy gvardiya va Maxsus operatsiya kuchlariga (Putin uchun boshqa strategik jihatdan muhim bo‘lgan xizmatlar) FSO va FSB xodimlari rahbarlik qiladi.
Lekin bunday “nazoratchilar” mavjudligi yadroviy ta’minot xodimlarining g‘ayratiga hissa qo‘shishi dargumon. Garchi taktik yadroviy qurolni qo‘llashga topshiriq berilishi mumkin bo‘lsa ham (bugungi sharoitda buning ehtimoli, afsuski, yo‘q emas), uning bajarilishi ehtimoli 100 foizdan uzoqdir.
Rossiya shunda ham taktik yadroviy qurolni ishga tushirsa, nima bo‘ladi?
Bunday harakatning moddiy va siyosiy oqibatlari haqida oldindan aniq bir nima deyish qiyin. Agar “yadroviy deeskalatsiya” tushunchasidan kelib chiqsak, u jiddiy moddiy zarar yetkazishga emas, balki dushmanni ruhan taslim qilishga qaratilgan. Ammo bu konsepsiyani ishlab chiqqan odamlar rus harbiylari va muhandislik bilimiga ega boshqa mutaxassislarning an’anaviy zaif gumanitar tayyorgarligini inobatga olgan holda alohida shaxslar va hamjamiyatlar psixologiyasini to‘g‘ri tushunishiga kafolat yo‘q. Hech bo‘lmaganda, Ukrainadagi joriy kampaniya misolida Ukraina jamiyatidagi kayfiyatni mutlaqo noto‘g‘ri tushunilayotganini ko‘rish mumkin.Nostrategik yadroviy quroldan foydalanish, aksincha, g‘azabni yanada kuchaytirib, jang maydonida Rossiyani o‘nglab bo‘lmas darajada mag‘lubiyatga uchratishga tayyorlik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin. Boz ustiga, undan foydalanish Rossiya qurolli kuchlarining o‘zini, Rossiya rahbariyati va jamiyatini ruhiy tushkunlikka solib qo‘yishi ehtimolini ham istisno qilib bo‘lmaydi.
Bu qanday sodir bo‘lishi mumkin?
(Hali ham) fantastik ssenariyni ko‘rib chiqamiz: ukrainlar qurolni tashlamasa, Rossiya yadroviy zarba berish bilan tahdid qiladi va rejasi jiddiyligini isbotlash uchun avval okeanga yadroviy zarba beradi. Bu ssenariyning har qanday bosqichi va har qanday nuqtasida ehtimoliy muammolarni kutish mumkin:
Ukraina qo‘shinlari zarbadan so‘ng haqiqatan ham qurollarini tashlashiga kim kafolat beradi?
Har qanday bosqichda sabotaj qilish imkoniyatini hisobga olsak, Rossiya zarbani amalga oshira olishiga 100 foiz kafolat bormi?
Va nihoyat, G‘arb (NATO) va boshqa katta ta’sir kuchiga ega davlatlar (Xitoy, Hindiston, Yaponiya va boshqalar) Rossiyaning tahdidlariga keskin javob berib, Rossiyaning barcha strategik yadroviy kuchlarini yo‘q qilib yubormasligiga kafolat bormi? Masalan, Yaponiya dengiz floti hatto yadro quroliga ega bo‘lmay turib ham, nazariy jihatdan Oxota dengizida Rossiyaning strategik suvosti kemalarini mustaqil ravishda mag‘lub eta oladi. Buning uchun yaponlarda yetarlicha imkoniyatlar mavjud (yashirin suvosti kemalari, razvedka uchun mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshlar va hokazo). Rossiya Tinch okeani flotida esa, o‘z navbatida, suvosti kemalarini to‘liq himoya qilish uchun resurslar unchalik ko‘p emas.
Aytilganlarning barchasini hisobga olsak, Kremlning yadroviy shantaj muvaffaqiyatli amalga oshishi mumkinligi haqidagi g‘oyasi, shuningdek, umuman, muammoning “yadroviy deeskalatsiya” tushunchasi, Ukraina yoki boshqa davlatlardan ham ko‘ra Rossiyaning o‘ziga kattaroq xavf tug‘diradigan qaltis xato ekanini tan olish kerak.
Izoh (0)