Mali armiyasi mamlakat bo‘ylab harbiy postlarga qilingan bir qator hujumlarga javoban 80 nafar jangarini yo‘q qildi. Bu hujumlar “Al-Qoida” tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.

“Dushman xavfsizlik va mudofaa kuchlari bilan to‘qnash kelgan har bir joyda katta yo‘qotishlarga uchradi”, dedi armiya matbuot kotibi Sulaymon Dembele.
“Al-Qoida”ning “Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin” sho‘basi avvalroq ushbu hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Shuningdek, 3 ta kazarma va o‘nlab harbiy pozitsiyalar nazoratga olingani xabar berilgan. Mali qurolli kuchlari hujumlar mamlakatning markaziy va g‘arbiy mintaqalaridagi 7 ta shaharda sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. Aholi kamida 4 ta shaharchada teraktlar sodir bo‘lganini tasdiqlagan.
“Hujumlar 1-iyul kuni Diboli va unga yaqin joylashgan Kayes va Sandere shaharlariga uyushtirilgan. Shuningdek, Mavritaniya bilan chegara yaqinida joylashgan Nioro du Sahel va Gogoui hamda markazdagi Molodo va Niono shaharlarida ham hujumlar bo‘lib o‘tgan. Ularning barchasida snaryadlar ishga solingan”, deyiladi armiya bayonotida.
Mamlakat 2020-yildan beri harbiy hukumat tomonidan boshqarilib kelinmoqda. Ungacha Malida 10 yildan ortiq vaqt davomida ISHID va “Al-Qoida” bilan bog‘liq terrorchi guruhlar hukmronlik qilgan
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)