Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Chorvoq suv omboriga oqova suv quyilayotgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, holat vazirlik, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda manfaatdor idoralar mutasaddilari ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganish natijasida Bo‘stonliq tumani, “Navobod” MFY hududida joylashgan Chorvoq suv omborining (umumiy hajmi – 2006,0 mln m³) “tomosha qilish maydonchasi”dan ko‘rinib turgan d-600 mm li cho‘yan quvurdan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligining sug‘orish maqsadida ishlatadigan suvlari oqayotgani hamda uning yonida ichida elektr kabellari o‘tgan polipropilen quvurlar (d-76 mm va d-100 mm) ekani aniqlandi.
O‘rganishga viloyat ekologiya boshqarmasining hamda tuman Jamoat salomatligi va EOMning laboratoriyalari jalb qilinib, d-600 mm bo‘lgan quvurdan oqayotgan suvlardan tahlil namunalari olindi. Dastlabki suv namunalari asosida olingan kimyoviy tahlillar natijasida suv tarkibida ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmadi. Olingan suv namunalari talablarga mos kelishi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu hududda markazlashgan oqova suvlarni qabul qilib olish uchun “Chimgan Chorbog‘ magistral suv tarmog‘i” AJga qarashli d-800 mm bo‘lgan “Baqachol” oqova suv kollektor mavjud bo‘lib, ushbu kollektor Chirchiq oqova suv tozalash inshootiga borib quyiladi.
Chorvoq suv ombori atrofidagi 550 nafar I-guruh (aholi) iste’molchi hamda 4 nafar II-guruh (byudjet) va 38 nafar III-guruh (byudjetdan tashqari yuridik shaxslar) iste’molchining oqova suvlari mazkur oqova suv tarmog‘iga shartnoma asosida tashlab kelinadi.
Suv ombori sathi perimetr bo‘ylab chiqilganda, suv omboriga oqova suvlar oqizilmayotgani, shuningdek, suv omboriga quyiladigan barcha suv yo‘llariga oqova suvlar tashlanish holati aniqlanmadi. Suv omboridagi gidrotexnika inshootlari xavfsizligiga va texnik holatiga ta’sir etuvchi omillar mavjud emas. Ya’ni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Chorvoq suv omboriga oqova suvlar quyilayotgani to‘g‘risidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Respublikada qariyb 7 million kishiga ichimlik suvi yetib bormaydi. Bu haqda joriy yil 11-iyun kuni o‘tkazilgan “Toshkent xalqaro investitsiya” forumida Jahon bankining suv taʼminoti va oqova tizimi bo‘yicha katta mutaxassisi Odete Muhimpua aytdi.
Odete Muhimpua o‘rganishlariga ko‘ra, mamlakatda suv bilan bog‘liq infratuzilmalar yetarli emas.
“O‘zbekistonda 7 million odam hali ham toza ichimlik suviga ega emas. Oqava suvlarning uchdan bir qismigina qayta ishlanadi. Chunki qayta ishlaydigan korxonalar yetarli emas. Muammo faqatgina suv bilan bog‘liq bo‘lmay, pul yetishmasligi ham muhim omildir. Suv taʼminoti hajmini oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarur. Faqatgina davlat moliyalashtirishi barcha muammoni hal qila olmaydi. Jahon banki O‘zbekistonda suv, irrigatsiya va suv resurslarini boshqarish tarmoqlariga 700 mln dollar investitsiya yo‘naltirgan”, dedi mutaxassis.
Muhokamada “O‘zsuvtaʼminot” AJ rais o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev ham ishtirok etgan. Tashkilot rasmiysining aytishicha, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash bo‘yicha o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)