Iroqda tilanchilik qilayotganlar o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatsa, har oy moliyaviy yordam oladi. Bu haqda mamlakatning Mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligiga tayanib Gulf News xabar berdi.

Tashabbus Iroq shaharlarida keng tarqalgan qashshoqlikka qarshi kurash doirasida amalga oshirilmoqda. Tilanchilarga qarshi reydlar davomida ushlanganlar ijtimoiy holati asosida baholanadi. Agar ular yordam olish uchun mos deb topilsa, tilanchilikka qaytmaslik haqida yozma majburiyat imzolaganidan so‘ng ularga oylik stipendiya belgilanadi.
Mezonlarga javob beradiganlar mehribonlik uylariga joylashtiriladi va yashash sharoitlari sinchkovlik bilan baholanganidan so‘ng ijtimoiy nafaqa to‘lovlari bilan ta’minlanadi, dedi vazirlikning OAV va xalqaro aloqalar bo‘limi direktori Kazem Al Atvani.
Tashabbus doirasida aholiga uyushgan va ko‘cha tilanchiligi bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqida tushuntirish ishlari olib boriladi. Yordam dasturlari boshpanasiz bolalar, odam savdosidan jabrlanganlar va ko‘chirilgan shaxslarni ham qamrab oladi.
Biroq bu siyosat muammolardan xoli emas. Avvalgi so‘rovnomalar shuni ko‘rsatdiki, ko‘plab tilanchilar rasmiy yordamdan ko‘ra ko‘chada ko‘proq daromad topayotgani uchun dasturda qatnashishni istamayapti. Ba’zilar oylik stipendiyadan o‘n baravar ko‘p daromad olayotganini aytgan.
Iroq hukumati mamlakat bo‘ylab tilanchilik faoliyatini tugatishni rejalashtirgan. Iroqdagi Inson huquqlari strategik markazi bergan bahoga ko‘ra, hozirda mamlakat bo‘ylab 500 mingdan ortiq fuqaro — asosan ayollar va bolalar — tilanchilik bilan shug‘ullanmoqda.
Bag‘dod esa bu inqirozning markazida qolmoqda. Odamlar bozorlarda, chorrahalarda va jamoat joylarida saf tortib tilanchilik qilmoqda. Xavfsizlik xizmatlarining muntazam reydlari va hibsga olishlariga qaramay, bu holat davom etmoqda va kengaymoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bu vaziyatga iqtisodiy inqiroz, yuqori ishsizlik va chuqur ildiz otgan qashshoqlik sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, ta’lim tizimining zaifligi va savodsizlik darajasining oshib borayotgani odamlarni norasmiy yoki noqonuniy daromad manbalariga tayanishga majbur qilmoqda.
Izoh (0)