Zambiyaning 2021-yilda lavozimini tark etgan sobiq prezidenti Edgar Lungu Janubiy Afrikada 68 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Lungu rahbarlik qilgan “Vatanparvarlik fronti” muxolifat partiyasi xabar berdi.

“Janubiy Afrika Respublikasida maxsus davolanishda bo‘lgan sobiq prezident 5-iyun kuni hayotdan ko‘z yumdi”, deya ta’kidlandi partiya bayonotida.
Uning qanday kasallik bilan og‘rigani ma’lum qilinmagan.
Edgar Lungu 2015-yilda hokimiyat tepasiga kelgan. Sobiq rahbar qariyb yetti yil davomida mamlakatni boshqargan edi. U prezident bo‘lishdan avval Adliya, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklariga rahbarlik qilgan. Lungu qayta saylanishga uringan bo‘lsa-da, 2021-yil yozidagi prezidentlik saylovlarida muxolifat vakili Hakainde Hichilemaga mag‘lub bo‘ldi.
Lungu prezidentlik davrida ikki marotaba – 2015-yilda 8-mart kuni poytaxt Lusakadagi stadionda nutq so‘zlayotganida hamda 2021-yilda o‘tkazilayotgan harbiy parad chog‘ida hushidan ketgan. O‘shanda Prezident ma’muriyati avvaliga Lungu bezgakdan davolanayotganini ma’lum qilgan, ammo keyinchalik uning qizilo‘ngach torayishi yoki axalaziyadan aziyat chekayotganini bildirgan.
May oyida dunyoning eng qashshoq prezidenti sifatida tanilgan Urugvay sobiq rahbari Xose Muxika 89 yoshida vafot etgani xabar qilingandi.
O‘tgan yilning dekabr oyida AQSHning 39-prezidenti Jimmi Karter 29-dekabr kuni 100 yoshida vafot etgandi.
Izoh (0)