Yaponiya politsiyachilari 2020-yil mart oyida noqonuniy eksportda ayblanib, hibsga olingan va keyinchalik tergov vaqtida vafot etgan tadbirkor Shizuo Aishimaning qabriga gullar qo‘yib, kechirim so‘radi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ushbu “kechirim so‘rash” marosimi 25-avgust kuni bo‘lib o‘tgan. Marhumning oila a’zolari rasmiylardan uzrni “qabul qilib olgan”. Ammo Aishimaning rafiqasi ularni kechira olmasligini ta’kidlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, Aishima va uning 3 nafar hamkasbi sanoat uskunalarini, xususan harbiy maqsadlarda ham qo‘llaniladigan quritgich qurilmalarini (suyuqlikni kukunga aylantiradigan mashinalar) noqonuniy eksport qilganlikda ayblangan. Bunga javoban, marhumning kompaniyasi eksport cheklovlarini buzmaganini da’vo qilgan.
Yapon prokuraturasi 2021-yil iyul oyida ayblovlarni bekor qilishidan 5 oy avval Aishima oshqozon saratoni kasalligidan vafot etgan. Bu paytda erkak tergov jarayonida bo‘lgan. Rasmiylar uning garov evaziga ozodlikka chiqish haqidagi 8 ta so‘rovini rad etgan.
Sud 2021-yil sentyabr oyida ayblovlarni noqonuniy deb topib, davlatni 166 million yen (taxminan 1,12 mln dollar) tovon puli to‘lashga majbur qilgan. Hukm ustidan hech qanday shikoyat kiritilmagan va u 2024-yil iyun oyida kuchga kirgan. Huquq-tartibot organlarining ayblarini tan olgan prokuror Xirosi Ichikava vaziyatga shunday munosabat bildirgan:
“Noqonuniy hibs, ayblov va garovni rad etish orqali Aishimaning inson huquqlarini poymol qildik”.
Izoh (0)