Vyetnam hukumati Xitoyda kuchayib borayotgan Kajiki to‘foni sababli 586 mingdan ortiq aholining xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Xitoy Milliy meteorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, to‘fon 24-avgust oqshomida Haynan provinsiyasining janubiy sohillarini chetlab o‘tgan. U 25-avgust kuni Vyetnam markaziy hududlariga yopirilishi kutilmoqda. Ayni paytda, Xitoyning Sanya shahridagi barcha jamoat transporti va savdo maskanlarida faoliyat to‘xtatilgan.
Vyetnam ob-havo xizmatining xabar berishicha, to‘fon markazida shamol tezligi 166 km/soatga yetgan. Xitoylik sinoptiklar esa shamol tezligi 180 km/soatgacha kuchayishini prognoz qilmoqda.
Vyetnam OAVga ko‘ra, to‘fon mamlakat markazidagi Tanh Xoa, Kuangchi, Xue va Danang provinsiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yopirilishi kutilmoqda. Mamlakat hukumati fuqarolarga 24-avgust kuni soat 14:00 dan keyin (Toshkent vaqti bilan 19:00) ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgan. Harbiylar favqulodda vaziyatlarga shay holatga keltirilgan.

Tien Phong nashrining xabariga ko‘ra, yakshanba kuni ertalab Vyetnamning 7 ta sohilbo‘yi provinsiyasida kemalarda dengizga chiqishga taqiq qo‘yildi. Vyetnam havo yo‘llari 24-25-avgust kunlari markaziy shaharlarga amalga oshiriladigan 22 ta reysni bekor qilgan. Vietjet aviakompaniyasi ham bir nechta reyslarni kechiktirgan yoki bekor qilganini bildirgan, biroq batafsil ma’lumot berilmagan.
To‘fon Xitoyga ham jiddiy xavf solmoqda. Sanya shahri (mashhur sayyohlik maskani) 23-avgust kunidan boshlab favqulodda holatga o‘tgan. Yakshanba kuni ertalab shaharda qizil darajadagi to‘fon ogohlantirishi (Xitoyda eng yuqori xavf darajasi) e’lon qilingan. Shahar hokimligi barcha o‘quv muassasalari, qurilish ishlari, savdo markazlari, restoranlar va supermarketlarni yopishga ko‘rsatma bergan.
Xitoy ob-havo xizmatiga ko‘ra, Haynanning ayrim hududlariga yakshanbadan dushanbagacha 320 millimetrgacha yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Kuchli yomg‘ir va shamol Guandun va Gansi provinsiyasi hududlarini ham qamrab oladi.
Vyetnam hukumati Kajiki to‘fonining kuchini 2024-yilning oxirida mamlakatni vayron qilgan Yagi to‘foniga qiyoslamoqda. O‘shanda taxminan 300 kishi halok bo‘lib, mulkiy zarar 3,3 milliard dollarni tashkil etgandi.
Izoh (0)