Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi olimlari “Sir suluv” nomli yangi guruch navini yaratdi. U tezroq pishib yetiladi va shu sababli kamroq suv talab qiladi. Bu haqda Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi xabar berdi.

Yangi nav sinovlari Qizilo‘rda viloyatida Qozog‘iston sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilmoqda.
“Yangi guruch navi 105–110 kunda yetiladi, yuqori hosildorlikka ega va mahalliy iqlim hamda tuproqqa to‘liq moslashgan. Barcha agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri bajarilsa, bu navning gektaridan 80-85 sentner hosil olish mumkin”, deyiladi xabarda.
Hozirda Qizilo‘rda viloyatida 120-125 kunda pishib yetiladigan Rossiya sholi navlari yetishtirilmoqda.

“Qozog‘istonning janubiy hududlaridagi suv xo‘jaligi holati suvni tejashning yangi usullarini izlash va ishlab chiqish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda. Global iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlarining bunday navlari suvni ko‘p talab qiladigan navlarga muqobil bo‘lishi mumkin.
Ushbu ilmiy ishning natijasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga va sholi maydonlarining suv sarfini kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deydi Qozog‘iston sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti boshqaruv raisi o‘rinbosari Januzak Baymanov.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston O‘zbekistonga eng ko‘p guruch import qilgan davlatlar qatoriga kiradi.
Izoh (0)