O‘zbekistonda Bozor nazorati to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, 21-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qonunning maqsadi nooziq ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash ustidan bozor nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu qonunning amal qilishi:
- ishlar va xizmatlar;
- oziq-ovqat mahsulotlari, ozuqa va ozuqabop qo‘shimchalari;
- tirik hayvonlar va o‘simliklar hamda ulardan olingan mahsulotlar;
- spirt, alkogol va tamaki mahsulotlari;
- dori vositalari va veterinariya preparatlari;
- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlar;
- yadroviy materiallar, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi boshqa mahsulotlarga bo‘linadigan (parchalanadigan) maxsus materiallar;
- harbiy maqsadda qo‘llaniladigan buyumlar;
- antikvar buyumlar;
- amaliy va tasviriy san’at asarlari, hunarmandchilik mahsulotlari;
- foydalanishdan oldin ta’mirlanishi yoki tiklanishi kerak bo‘lgan mahsulotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bozor nazorati – mahsulotlar bozorga muomalaga kiritilganidan so‘ng ularning xavfsizligini, inson hayoti, sog‘lig‘iga, jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat manfaatlariga, atrof-muhitga (bundan buyon matnda jamoat manfaatlari deb yuritiladi) zarar yetkazmasligini ta’minlashga qaratilgan, bozor nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar va choralar majmui.
Bozor nazorati o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha bozor nazoratini amalga oshirishga vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Bozor nazorati organlari o‘z vakolatlari doirasida:
- bozor nazoratini tashkil etish uchun nazorat xaridlarining grafiklarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
- ishlab chiqariladigan, olib kiriladigan va muomalaga kiritiladigan mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish uchun iste’molchilar murojaatlarini tahlil qiladi;
- jamoat manfaatlari uchun xavfli va sifatsiz bo‘lgan mahsulotlar olib kirilishi, ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishini tahlil qiladi;
- mahsulotlarning nazorat xaridlarini tashkil etadi, xususiyatlarini o‘rganadi, tekshiradi va ularni ekspertizadan (sinovdan) o‘tkazilishini ta’minlaydi;
- majburiy talablarga nomuvofiq yoki jiddiy xavf tug‘diruvchi deb topilgan mahsulotlarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
- majburiy talablarning buzilishlarini bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi;
- mahsulotni ishlab chiqarish yoki muomalaga chiqarish huquqiga ega yuridik yoxud jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu qonunda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha sudga murojaat qiladi.
Nazorat xaridlari mahsulotning majburiy talablarga muvofiqligini o‘rganish, majburiy talablarga nomuvofiqligi natijasida jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni aniqlash maqsadida bozorlar, savdo do‘konlari, ko‘chma savdo shoxobchalari, omborxonalar, mahsulot yarmarkalari, ko‘rgazmalari, namoyish yoki boshqa shakldagi taqdimot o‘tkaziladigan joylarda amalga oshiriladi.
Nazorat xaridlari jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmagan holda ikki nafar xolislar ishtirokida, xarid jarayonini uzluksiz videotasvirga olgan holda tashkil etiladi va bu iqtisodiy operatorlar faoliyatida tekshiruv o‘tkazish hisoblanmaydi. Videotasvirlar bozor nazorati organida uch yil davomida saqlanadi.
Nazorat xaridida olingan mahsulotlar 10 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda majburiy talablarga muvofiqligi va jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi jihatidan o‘rganiladi. Mahsulotni o‘rganish natijasida mahsulot majburiy talablarga nomuvofiq va jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa mahsulot ekspertizadan (sinovdan) o‘tkaziladi. Ekspertiza (sinov) tayinlash to‘g‘risidagi qarorda ekspertiza (sinov) o‘tkaziladigan har bir mahsulotning turi va miqdori hamda ekspertizani o‘tkazish joyi ko‘rsatiladi. Mahsulotlar ekspertizadan (sinovdan) bozor nazorati organi bilan tuzilgan shartnoma asosida sinash laboratoriyalarida o‘tkaziladi. Nomuvofiq deb topilgan mahsulotlarni 15 ish kunidan kechiktirmay muomaladan chaqirib olinadi.
Mahsulotning majburiy talablarga nomuvofiqligi natijasida inson hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar mahsulotni ishlab chiqarish yoki muomalaga chiqarish huquqiga ega yuridik yoxud jismoniy shaxslarning qasddan ish tutishi yoki qo‘pol ehtiyotsizligi natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, zarar yetkazuvchiga zararni qoplashdan tashqari tovon to‘lash majburiyati sud tomonidan yuklatilishi mumkin.
Tovon miqdori:
- jabrlanuvchi vafot etganda — belgilangan moddiy zarar miqdorining bir baravaridan;
- jabrlanuvchi nogiron bo‘lib qolganda — belgilangan moddiy zarar miqdorining yarmidan;
- jabrlanuvchining sog‘ligiga boshqacha tarzda shikast yetganda — belgilangan moddiy zarar miqdorining beshdan bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda tayinlanadi.
Loyihada belgilanishicha, Vazirlar Mahkamasi muomalaga chiqarilgan mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlash ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida nomuvofiq mahsulotlar haqida xabar bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibini 4 oy muddatda tasdiqlashi lozim.
Ushbu qonun loyihasi muhokamasi 5-sentyabrgacha davom etadi. Qonunni 2026-yil 1-iyuldan amalga kiritish rejalashtirilgan.
Izoh (0)